Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonda yana ikkita yashil elektr stansiyasini quradi
Xususan, ularning umumiy quvvati 1,5 GVtni tashkil etadi
Xitoy ishtirokida O‘zbekistonning ikkita hududida yangi muqobil elektr stansiyalarini qurishga kelishildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Birinchi Samarqand xalqaro iqlim forumi doirasida vazirlik hamda Xitoy kompaniyalari o‘rtasida “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi investitsiya bitimi imzolandi.
Xususan, SANY Renewables International Investment Co., Ltd kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurishga kelishildi. Uning quvvati 1000 MVtni tashkil etadi.
Ikkinchi loyiha Liquip International kompaniyasi bilan Jizzax viloyatining Forish tumanida 500 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini qurishni nazarda tutadi.
2026-yilda “yashil energiya” ishlab chiqarish hajmlari 12 mlrd kilovatt soatga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun joriy yilda qiymati $3,7 mlrd bo‘lgan 3,4 ming megavattli 18 ta quyosh va shamol stansiyalari hamda 1,8 ming megavattli saqlash tizimlari ishga tushiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ