Strategik korxonalarni xususiylashtirishda davlat maxsus huquqni saqlab qolishi mumkin

Shunga o‘xshash mexanizm — “oltin aksiya” instituti 2022-yilda bekor qilingan edi

Strategik korxonalarni xususiylashtirishda davlat maxsus huquqni saqlab qolishi mumkin

O‘zbekistonda strategik ahamiyatga ega korxonalarni xususiylashtirish jarayonida davlat ularning faoliyatida ishtirok etish bo‘yicha maxsus huquqni saqlab qolishi mumkin. Bu mexanizm milliy xavfsizlikni himoya qilish, iqtisodiy barqarorlik va jamoat manfaatlarini ta’minlash maqsadida joriy etilishi mumkin.

Potensial xaridor korxonani xususiylashtirish jarayoni boshlanishidan oldin davlat tomonidan bunday huquq saqlab qolinishi haqida ogohlantiriladi.

Xususiylashtirish yakunlangach, davlatning ishtirok etish maxsus huquqi prezidentning alohida qarori bilan joriy qilinadi. Uni bekor qilish ham faqat davlat rahbarining alohida qarori asosida amalga oshiriladi.

Farmonda ushbu maxsus huquq davlatga aynan qanday vakolatlar berishi ko‘rsatilmagan. Shuningdek, mexanizm qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan korxonalarning aniq ro‘yxati ham keltirilmagan.

“Oltin aksiya”dan voz kechilgandi

2022-yilda O‘zbekistonda xususiylashtirilgan strategik kompaniyalarni boshqarishda davlatning ishtirok etish maxsus huquqini nazarda tutuvchi “oltin aksiya” instituti bekor qilingan.

Avval ushbu mexanizm orqali davlat vakili kompaniya kuzatuv kengashi tarkibiga kiritilishi va ayrim muhim qarorlarga veto qo‘yishi mumkin edi.

O‘sha vaqtda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “oltin aksiya” amalda qariyb 10 yil davomida qo‘llanilmaganini bildirgan. Agentlik ushbu mexanizm investorlarning xususiylashtirishga qiziqishini kamaytirishi va boshqa aksiyadorlarning huquqlarini cheklashi mumkinligini ta’kidlagan. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ham undan voz kechishni tavsiya qilgan.

Strategik korxonalar ro‘yxatiga Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “O‘zmetkombinat”, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekko‘mir”, “Hududgazta’minot”, “UzAuto Motors”, “O‘zkimyosanoat”, “Navoiyazot”, “O‘zbekgidroenergo”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘ztransgaz” va “UzGasTrade” kabi kompaniyalar kirgan.

100 trln so‘mlik aktivlar sotuvga chiqariladi

Yangi mexanizm iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar paketining bir qismi hisoblanadi.

Dastur doirasida 84 ta xo‘jalik jamiyatidagi davlat ulushlari, 1242 ta ko‘chmas mulk obyekti va tadbirkorlik hamda shaharsozlik maqsadlari uchun qariyb 8000 gektar yer maydonlarini savdoga chiqarish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davlat ishtirokidagi 85 ta korxonani tugatish yoki qayta tashkil etish, avval sotilmagan 84 ta obyektni esa boshlang‘ich narxi 1 mln so‘mdan takroran auksionga chiqarish ko‘zda tutilgan.

Sotuvga chiqariladigan aktivlarning umumiy qiymati qariyb 100 trln so‘mga baholanmoqda. Yil oxirigacha ularni realizatsiya qilishdan kamida 14 trln so‘m tushum olish rejalashtirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Soliq qo‘mitasi o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar soni kamaygani haqidagi xabarlarni rad etdi
/
Soliq qo‘mitasi o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar soni kamaygani haqidagi xabarlarni rad etdi
Toshkentda sentabr va oktabr oylarida issiq suv 5 kun muddatga o‘chiriladi
/
Toshkentda sentabr va oktabr oylarida issiq suv 5 kun muddatga o‘chiriladi
Toshkent–Andijon yo‘nalishida yangi tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
/
Toshkent–Andijon yo‘nalishida yangi tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi