Soliq qo‘mitasi o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar soni kamaygani haqidagi xabarlarni rad etdi

Xususan, 2026-yil 1-sentabr holatiga yo‘lovchi tashish sohasida 782,5 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs ro‘yxatdan o‘tgan

Soliq qo‘mitasi o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar soni kamaygani haqidagi xabarlarni rad etdi

Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar soni sezilarli darajada qisqargani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Qo‘mita ayrim xabarlarda keltirilgan ma’lumotlarni taqqoslashda metodologik noaniqliklarga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi.

2026-yil 1-sentabr holatiga yo‘lovchi tashish sohasida jami 782,5 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs mavjud bo‘lgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 777,1 ming nafarni tashkil etgan. Shu tariqa, o‘zini o‘zi band qilganlar soni bir yil ichida 5,4 ming nafarga oshgan.

Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan 1-sentabrgacha agregatorlar orqali yo‘lovchi tashigan o‘zini o‘zi band qilganlar soni 481 117 nafarni tashkil etgan. 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 481 149 nafar bo‘lgan.

Soliq qo‘mitasi ushbu ikki ko‘rsatkichni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslab bo‘lmasligini ta’kidladi. Birinchi holatda muayyan sanadagi jami ro‘yxatdan o‘tgan o‘zini o‘zi band qilganlar soni, ikkinchisida esa ma’lum davr mobaynida agregatorlar orqali ishlagan shaxslar soni hisobga olingan.

Natijada yo‘lovchi tashish sohasidagi o‘zini o‘zi band qilganlar soni 5 ming nafarga oshgan, taksi agregatorlari orqali yo‘lovchi tashiganlar soni esa atigi 32 nafarga kamaygan, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Bundan tashqari, 2026-yilning sakkiz oyida ayol haydovchilar soni 4107 nafarga yetgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 354 nafarga yoki 10% ga ko‘p.

Hisobot davrida o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar 329,1 mln ta yo‘lovchi tashuvini amalga oshirgan. Ushbu xizmatlarning umumiy qiymati 7,16 trln so‘mni tashkil etgan. Tashuvlar soni 2025-yilning mos davriga nisbatan 9% ga, xizmatlarning umumiy qiymati esa 23% ga oshgan.

Soliq qo‘mitasi barqaror ko‘rsatkichlar va sohaga qiziqish saqlanib qolayotganini hisobga olib, yil oxirigacha taksi agregatorlari orqali ishlayotgan o‘zini o‘zi band qilganlar soni yanada oshishini kutmoqda.

Qo‘mitaga ko‘ra, bu aholi bandligini ta’minlash, rasmiy daromad manbalarini kengaytirish va xizmatlar bozorining shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda sentabr va oktabr oylarida issiq suv 5 kun muddatga o‘chiriladi
/
Toshkentda sentabr va oktabr oylarida issiq suv 5 kun muddatga o‘chiriladi
Toshkent–Andijon yo‘nalishida yangi tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
/
Toshkent–Andijon yo‘nalishida yangi tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston Serbiya bilan beshta yo‘nalishda iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi
/
O‘zbekiston Serbiya bilan beshta yo‘nalishda iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi