O‘zbekiston Xalqaro elektrotexnika komissiyasi a’zosiga aylandi
Tizim orqali mamlakat sinovlar va sertifikatlar natijalarini o‘zaro tan oladi
O‘zbekiston rasmiy ravishda Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IECEE) a’zosi sifatida qabul qilindi. Bu haqda komissiya qaroridan so‘ng “O‘zstandart” agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IECEE) qaroriga ko‘ra, “O‘zstandart” agentligi tashkilot a’zosi maqomini oldi.
IECEE — bu elektrotexnika uskunalari va uning tarkibiy qismlarini muvofiqligini baholash tizimi bo‘lib, unga 53 ta mamlakat a’zo. Unda ishtirok etish O‘zbekistonga quyidagilarga imkon beradi:
- savdo to‘siqlarini kamaytirish;
- sinovlar va sertifikatlar natijalarini o‘zaro tan olish;
- korxonalarga yangi bozorlarga chiqishda yordam berish.
Hozirda “O‘ztest” sertifikatlash markazi negizida Milliy sertifikatlash organi (MSO) tashkil etilmoqda. Kutilishicha, uning laboratoriya majmuasi elektrotexnika uskunalarini sinovdan o‘tkazishning 983 ta usuliga ega bo‘ladi va mahsulot turlari qamrovi 65% dan 95% gacha oshiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ