UzPost aksiyadorlari Wildberries’dan 100 mlrd so‘m qarz olishni ma’qullamadi

Kompaniyaning yangi kuzatuv kengashiga Wildberries bilan bog‘liq 5 nafar vakil kiritildi

UzPost aksiyadorlari Wildberries’dan 100 mlrd so‘m qarz olishni ma’qullamadi

“O‘zbekiston pochtasi” (UzPost) aksiyadorlari milliy pochta operatorining yangi kuzatuv kengashi tarkibini uch yil muddatga sayladi. Bu haqda Yagona korporativ axborot portalida ma’lum qilindi.

Kuzatuv kengashiga 9 nafar kishi kirdi. Ularning 5 nafari Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi bilan bog‘liq.

Avvalgi kuzatuv kengashi vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan. Ushbu qaror uchun ovoz berishda qatnashgan barcha aksiyadorlar uni qo‘llab-quvvatlagan.

UzPost aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi 21-sentabr kuni o‘tkazilgan. Yig‘ilishda kvorum 93,69% ni tashkil etgan. Umumiy yig‘ilish bayonnomasi 30-sentabrda tuzilgan, muhim fakt esa Yagona korporativ axborot portalida 2-oktabr kuni e’lon qilingan.

Yangi kuzatuv kengashiga kimlar kirdi?

Kengash tarkibidan quyidagi shaxslar joy oldi:

  • “WB INT EXPORT” MChJ bosh direktori Akmal Primqulov;
  • “RVБ” MChJ investitsiyalar va nazorat departamenti direktori Yevgeniy Mitin;
  • “RVБ” MChJ yuridik departamenti direktorining o‘rinbosari Emil Xasyanov;
  • “RVБ” MChJ moliya direktori Pavel Logunov;
  • “WB Bank” MChJ hududiy rivojlanishni boshqarish departamenti direktori Aleksandra Xmelyova;
  • Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos;
  • Hisob palatasi mutaxassisi Shahzod Usarov;
  • Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Muzzaffar Astonakulov;
  • mustaqil a’zo Rojer Kruk (Roger Crook).

UzPost’ning 100 mlrd so‘m qarz olishi masalasi ma’qullanmadi

Aksiyadorlar yig‘ilishida yirik bitim tuzish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

Unga ko‘ra, “Nazorat audit” MChJning 7-sentabrdagi bitim shartlarini o‘rganish bo‘yicha xulosasini ma’lumot uchun qabul qilish, UzPost’ning “WB INT EXPORT” MChJdan Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi bo‘yicha 100 mlrd so‘m miqdorida qarz olishi, mablag‘larni qaytarish jadvalini tasdiqlash hamda aksiyadorlar talabi bilan kompaniya aksiyalarini bozor qiymatida 2-noyabrgacha qayta sotib olib, keyinchalik ularni bekor qilish nazarda tutilgan.

Biroq mazkur masala bo‘yicha ovoz bergan aksiyadorlarning 100% betaraf qolgan. Shu sababli unda ko‘zda tutilgan qarorlar qabul qilinmagan.

“WB INT EXPORT” nima bilan shug‘ullanadi?

Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, “WB INT EXPORT” 2022-yil fevral oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 2,27 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniya “ma’lumotlarni joylashtirish va qayta ishlash xizmatlari” bilan shug‘ullanadi.

Kompaniyaning yagona ta’sischisi “Vayldberriz” MChJ hisoblanadi. Rahbari — Primqulov Akmalbek Bahodirjon o‘g‘li.

Primqulov LinkedIn’dagi profilida o‘z lavozimini “Wildberries Uzbekistan bosh direktori” sifatida ko‘rsatgan.

UzPost xususiylashtirilishi bo‘yicha muzokaralar olib borilmayapti

Sentabr oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UzPost’ning go‘yoki qisman xususiylashtirilishi haqidagi xabarlarga izoh bergan.

2025-yil kuzida UzPost’ning 25% davlat aksiyalar paketi agentlik tasarrufiga o‘tkazilgan edi. Agentlik rahbari o‘rinbosari Alisher Miraliyev Spot’ga bergan intervyusida kompaniya aksiyadori o‘zgargani haqidagi xabarlar asossiz ekanini bildirgan.

Uning ta’kidlashicha, agar aksiyador almashganida, qimmatli qog‘ozlar bozori qonunchiligiga muvofiq emitent mulkchilikdagi o‘zgarishlarni majburiy ravishda e’lon qilishi kerak bo‘ladi.

Hozirda UzPost’ni sotish bo‘yicha muzokaralar olib borilmayapti. Kompaniya o‘z faoliyatini davom ettirmoqda va rivojlanmoqda. Hozircha uni xususiylashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinmagan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda barcha valyutalar qiymati tushdi
/
O‘zbekistonda barcha valyutalar qiymati tushdi
O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish 16% ga kamaydi
/
O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish 16% ga kamaydi
Senat Markaziy bank mustaqilligini kengaytiruvchi qonunni ma’qulladi
/
Senat Markaziy bank mustaqilligini kengaytiruvchi qonunni ma’qulladi