Tramp TikTok boshqaruvini AQSHga o‘tkazuvchi loyihani imzoladi
Bitim milliy xavfsizlik va foydalanuvchilar ma’lumotlarini himoya qilishga qaratilgan
Фото: Unsplash
AQSH prezidenti Donald Tramp 25-sentabr kuni TikTok ilovasi Qo‘shma Shtatlar sarmoyadorlari nazoratiga o‘tishini ko‘zda tutuvchi bitim loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Unga ko‘ra, mashhur video platforma Xitoy kompaniyasi ByteDance’dan Oracle AQSHning Silver Lake Partners qo‘shma korxonasiga o‘tadi. Bundan tashqari, bu bitim TikTok’ning Qo‘shma Shtatlardagi faoliyatini davom ettirishiga imkon beradi va milliy xavfsizlikka oid xavotirlarni bartaraf etadi. Prezidentning farmoni asosida taraflarga bitimni yakunlash uchun yana 120 kun vaqt berildi.
Bitim tafsilotlariga ko‘ra, yangi tashkil etiladigan kompaniyada AQSH investorlari 80% dan ortiq ulushga ega bo‘ladi, ByteDance esa 20% dan kam ulush bilan cheklanadi. Platformani boshqaruvchi kengashda Xitoy vakili bo‘ladi, ammo u xavfsizlik masalalariga aralasha olmaydi.
Oq uy vakillari bu qaror orqali AQSH foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari himoyasini ta’minlash ko‘zda tutilayotganini ta’kidlagan. Mamlakat vitse-prezidenti Jey Di Vens vaziyatga shunday munosabat bildirmoqda:
TikTok’ni saqlab qolishni xohladik, ammo amerikaliklarning ma’lumotlari qonunga muvofiq himoyalangan bo‘lishi kerak.
Donald Tramp esa bu bitimni ayniqsa yoshlarga ma’qul kelishini aytmoqda.
Agar imkonim bo‘lsa, TikTok’ni 100% MAGA (Make America Great Again — Amerikani buyuk qilaylik)ga aylantirardim, deb Tramp hazil aralash izoh bergan.
Bitimga oid ba’zi tafsilotlar hanuz noma’lum. Hozircha Xitoy hukumati rasmiy roziligi olinmagan. Associated Press nashriga ko‘ra, Xitoy elchixonasi bu boradagi so‘rovlarga hozircha javob bermayapti.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ