Transport vaziri Toshkent–Samarqand pullik yo‘li ikki bosqichda qurilishini ma’lum qildi

Avval avtomobil yo‘li quriladi, foydalanishga topshirilgach esa uni boshqaruvchi operator tanlanadi

Transport vaziri Toshkent–Samarqand pullik yo‘li ikki bosqichda qurilishini ma’lum qildi

22-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent–Samarqand pullik avtomobil yo‘li qurilishiga start bergandi. Transport vaziri Ilhom Mahkamovning ma’lum qilishicha, loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Vazirning O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, birinchi bosqichda avtomobil yo‘li quriladi, ikkinchi bosqichda esa tayyor infratuzilmani boshqarish va undan pullik foydalanishni yo‘lga qo‘yish uchun hamkor jalb etiladi.

Mahkamovning ta’kidlashicha, loyiha prezident topshirig‘i asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, transport infratuzilmasini rivojlantirish mamlakat iqtisodiy o‘sishining muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi avtomagistral ishga tushirilgach, haydovchilar uchun tanlov imkoniyati yaratiladi. Istaganlar bepul mavjud yo‘ldan foydalanishda davom etishi, vaqtni tejashni istaganlar esa pullik magistralni tanlashi mumkin bo‘ladi. Vazirning qayd etishicha, hozir Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan yo‘l taxminan 5,5 soat davom etsa, yangi magistral orqali bu masofa ikki soatda bosib o‘tiladi.

Shuningdek, yangi avtomobil yo‘li intellektual transport tizimlari bilan jihozlanadi hamda harakatni tashkil etish zamonaviy xavfsizlik talablariga moslashtiriladi.

Transport vazirining ma’lum qilishicha, Toshkent–Samarqand loyihasi yakunlangach, Toshkent–Bo‘stonliq, Toshkent–Farg‘ona vodiysi va Toshkent–Andijon yo‘nalishlarida ham pullik avtomobil yo‘llarini qurish rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda mamlakatning boshqa hududlarida xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan mavjud avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda. Mahkamovning aytishicha, davlat yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun respublika budjeti va xorijiy hamkorlar mablag‘lari hisobidan yirik investitsiyalar yo‘naltirmoqda.

Vazir Toshkent–Samarqand avtomagistrali qurilishining bosh pudratchisi Xitoy kompaniyasi ekanini ma’lum qildi, biroq kompaniya nomiga aniqlik kiritmadi.

Mahkamovning qayd etishicha, so‘nggi o‘n yil ichida avtomobil yo‘llari sohasini moliyalashtirish hajmi avvalgi 27 yilga nisbatan sakkiz barobar oshgan.

Shuningdek, u yangi avtomagistrallar qurilishi uchun qurilish me’yorlari va standartlari qayta ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqilgan yangi standartlar Turkiya va AQSH mutaxassislari bilan hamkorlikda yangilangan.

Vazir mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosat nafaqat mavjud yo‘llarni rekonstruksiya qilish, balki xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga qaratilganini ta’kidladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Qonunchilik palatasi yer ijarasi muddatini 49 yilgacha uzaytirish haqidagi qonunni ma’qulladi
/
Qonunchilik palatasi yer ijarasi muddatini 49 yilgacha uzaytirish haqidagi qonunni ma’qulladi
Jahon banki Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish uchun $20 mln grant ajratdi
/
Jahon banki Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish uchun $20 mln grant ajratdi
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket uchinchi kun o‘smoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket uchinchi kun o‘smoqda