Qonunchilik palatasi yer ijarasi muddatini 49 yilgacha uzaytirish haqidagi qonunni ma’qulladi

Bu orqali xorijiy investorlar qishloq xo‘jaligi yerlaridan faqat subijara asosida foydalanishi mumkin bo‘ladi

Qonunchilik palatasi yer ijarasi muddatini 49 yilgacha uzaytirish haqidagi qonunni ma’qulladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yer uchastkalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish hamda ularni ijaraga berish muddatini uzaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi hujjat xorijiy fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalarga yer uchastkalarini berish tartibini belgilaydi. Unga ko‘ra, ushbu toifadagi shaxslar qishloq xo‘jaligi yerlaridan faqat subijara huquqi asosida foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning eng uzoq muddati amaldagi 30 yildan 49 yilgacha uzaytiriladi. Xuddi shunday muddat qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari uchun ham amal qiladi.

Qonun loyihasiga muvofiq, auksion orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini ijaraga olgan shaxslar ularni qayta ijaraga berish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish imkoniyati ham qonunchilikda mustahkamlanmoqda.

Bunda xorijiy shaxslarga o‘rmon fondi yerlari, tarixiy-madaniy ahamiyatga ega hududlar, chegara va mudofaa zonalaridagi yer uchastkalarini berish qat’iyan taqiqlanadi.

Ikkinchi o‘qishda qonun loyihasini 105 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, bir deputat qarshi ovoz berdi, yana uch nafari ovoz berishda qatnashmadi. Uchinchi o‘qishda loyiha o‘rmon fondini muhofaza qilishga oid hujjat bilan birlashtirildi va uni 102 nafar deputat ma’qulladi. Endilikda hujjat Senat tomonidan ko‘rib chiqilib, ma’qullanganidan so‘ng prezident imzosiga yuboriladi.

2026-yil aprel oyida Shavkat Mirziyoyevga yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar taqdim etilgandi. Taklif etilgan me’yorlarga ko‘ra, xorijiy investorlar hududiy hokimliklardan faqat yaylovlar, lalmi yoki foydalanilmayotgan yerlarni kamida $10 mln miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan subijaraga olishi mumkin bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi yer uchastkalari bo‘yicha ochiq elektron savdolarda esa faqat O‘zbekiston fuqarolari va mahalliy tadbirkorlik subyektlari ishtirok etishi mumkin.

Bundan tashqari, islohot doirasida yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq noqonuniy bitimlar uchun javobgarlik, jumladan jinoiy javobgarlik kuchaytiriladi. Davlat ehtiyojlari uchun yerlar olib qo‘yilganda to‘lanadigan kompensatsiyalar soliqlardan ozod etiladi, avtomobil yo‘llari, aeroportlar va suv xo‘jaligi tarmoqlarini qurishda yer toifasini o‘zgartirish uchun undiriladigan yig‘imlar bekor qilinadi. Shuningdek, investorlar bilan ishlash uchun agrar sohada 13 ta hududiy direksiya va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan loyihalarni amalga oshirish uchun 14 ta ixtisoslashtirilgan kompaniya tashkil etiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Transport vaziri Toshkent–Samarqand pullik yo‘li ikki bosqichda qurilishini ma’lum qildi
/
Transport vaziri Toshkent–Samarqand pullik yo‘li ikki bosqichda qurilishini ma’lum qildi
Jahon banki Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish uchun $20 mln grant ajratdi
/
Jahon banki Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish uchun $20 mln grant ajratdi
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket uchinchi kun o‘smoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket uchinchi kun o‘smoqda