Jahon banki Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish uchun $20 mln grant ajratdi

Grant hisobidan suv monitoringi tizimlari yangilanadi, qo‘shma loyihalar ishlab chiqilib, mintaqadagi 40 mln aholiga foyda keltirishi mumkin

Jahon banki Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish uchun $20 mln grant ajratdi

Jahon banki guruhi Ijrochi direktorlar kengashi Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslarini boshqarishni takomillashtirishga qaratilgan $20 mln miqdoridagi grantni ma’qulladi.

Grant oluvchisi sifatida Orol dengizini qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) Ijroiya qo‘mitasi belgilangan. Loyiha ishtirokchilari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston bo‘ladi. Hujjatlarga ko‘ra, mablag‘lar mamlakatlar kesimida emas, balki loyiha yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimlanadi.

“Markaziy Osiyoda suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha hamkorlik” (CAWEC) loyihasi 2031-yil 30-iyungacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Jahon banki loyiha orqali mintaqa davlatlariga qo‘shma suv xo‘jaligi loyihalarini tayyorlash, suvni o‘lchash tizimlarini modernizatsiya qilish, ma’lumotlar almashinuvini yaxshilash hamda Amudaryo va Sirdaryo havzalarini boshqaruvchi institutlar salohiyatini mustahkamlashda ko‘maklashishni maqsad qilgan.

Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, loyiha Markaziy Osiyodagi qariyb 40 mln aholiga bevosita yoki bilvosita foyda keltiradi.

Grant mablag‘larining $3 mlni kamida ikki davlat ishtirokidagi oltitagacha qo‘shma suv xo‘jaligi loyihasini tayyorlashga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar texnik-iqtisodiy asoslar, loyiha hujjatlari hamda ekologik va ijtimoiy baholashlarni ishlab chiqishga sarflanadi. Tayyorlangan hujjatlar kelgusida mazkur loyihalarga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.

Yana $9,5 mln Amudaryo va Sirdaryo havzalarida suvni o‘lchash tizimlarini modernizatsiya qilishga ajratiladi. Loyiha doirasida zamonaviy o‘lchash uskunalari, serverlar va masofaviy ma’lumot uzatish tizimlari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu suv hisobini yuritish, taqsimlash va suv resurslari bo‘yicha prognozlar tayyorlash imkoniyatlarini yaxshilashi kutilmoqda.

$6 mln mintaqaviy suv xo‘jaligi tashkilotlari, jumladan, OQXJ tuzilmalari hamda Amudaryo va Sirdaryo havza tashkilotlari faoliyatini mustahkamlashga yo‘naltiriladi. Loyiha doirasida 100 nafargacha mutaxassis axborot tizimlari, iqlim prognozlari va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha malaka oshiradi. Shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, konferensiyalar va tajriba almashish dasturlari ham moliyalashtiriladi.

Grantning qolgan $1,5 mlni loyiha boshqaruviga sarflanadi. Ushbu mablag‘ hisobidan OQXJ Ijroiya qo‘mitasi huzurida loyiha guruhi tashkil etilib, xaridlar, moliyaviy boshqaruv, monitoring, hisobotlar tayyorlash va Jahon banki talablari bajarilishini nazorat qilish ishlari moliyalashtiriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Qonunchilik palatasi yer ijarasi muddatini 49 yilgacha uzaytirish haqidagi qonunni ma’qulladi
/
Qonunchilik palatasi yer ijarasi muddatini 49 yilgacha uzaytirish haqidagi qonunni ma’qulladi
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket uchinchi kun o‘smoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket uchinchi kun o‘smoqda
O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari bo‘yicha sof tushum $8 mlrdni tashkil etdi
/
O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari bo‘yicha sof tushum $8 mlrdni tashkil etdi