Ta’lim va ilm-fan vazirligi ta’limning barcha bosqichlarini yagona tizimga birlashtiradi
Shuningdek, korxonalar bilan hamkorlikda dual ta’lim kengaytirilib, xalqaro dasturlar joriy qilinadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish hamda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Yaqinda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Yangi tizimdan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim, tarbiya va ilm-fanni yagona tizimga birlashtirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Yangi vazirlik oldiga maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan bosqichlar va ilmiy faoliyat o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, tizimni yagona yondashuv asosida boshqarish vazifasi qo‘yildi.
Bunda ta’lim mazmunini zamon va mehnat bozori talablariga moslashtirish, sohada raqobatni rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va tizimning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirishga e’tibor qaratiladi.
Ta’lim tizimini boshqarish raqamlashtiriladi
Taqdimotda yangi vazirlik faoliyatini hududlardagi haqiqiy holatga tayanib tashkil etish, takrorlanuvchi vazifalarni qisqartirish va hududiy bo‘g‘inlarning mas’uliyatini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Boshqaruvni raqamlashtirish va vazirlikning tahliliy salohiyatini oshirish orqali qarorlarni ishonchli ma’lumotlar asosida qabul qilish taklif etildi.
Maktabgacha ta’limda bolalarning qobiliyatlari erta aniqlanadi
Maktabgacha ta’limda bolani har tomonlama rivojlantirish, ta’lim dasturlari va metodikalarni yangilash hamda tarbiyachilar malakasini oshirishga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, bolalarning qiziqish va qobiliyatlarini erta aniqlash, ta’lim muassasalarida zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Maktablarda darsliklar va baholash tizimi yangilanadi
Maktab ta’limida darsliklarni yangilash, o‘quvchilarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini izchil rivojlantirish hamda baholash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Pedagoglarga metodik yordam ko‘rsatishda sun’iy intellektdan foydalanish, ayrim maktablarda ingliz tilida ta’lim berish tajribasini joriy etish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish taklif etildi.
Shuningdek, o‘quvchilarning qiziqish va qobiliyatlarini erta aniqlash hamda ularni keyingi bosqichlarda tegishli yo‘nalishlarga yo‘naltirish tizimini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Texnikumlar mehnat bozori talablariga moslashtiriladi
Kasbiy ta’limda yoshlarning qiziqishlarini erta aniqlash, texnikumlar dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat berildi.
Korxonalar bilan hamkorlikda dual ta’limni kengaytirish, xalqaro dasturlar va zamonaviy o‘quv materiallarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Universitetlar mustaqilligi kengaytiriladi
Oliy ta’limda universitetlar mustaqilligini kengaytirish, boshqaruv sifatini va rahbarlarning natija uchun mas’uliyatini oshirish taklif qilindi.
Yetakchi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ta’limni ishlab chiqarish bilan yaqinlashtirish va talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.
Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish kuchaytiriladi
Ilm-fan sohasida ilmiy klasterlarni rivojlantirish, universitetlar, laboratoriyalar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.
Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, ular asosida yangi mahsulotlar va korxonalar yaratish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Prezident ta’limning bog‘chadan oliygohgacha bo‘lgan barcha bosqichlari yagona vertikal sifatida ishlashi, ayniqsa maktab va universitet o‘rtasidagi uzviylikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
Har bir bosqichda ta’lim sifatiga e’tiborni kuchaytirish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash hamda ushbu qadriyatlarga butun ta’lim jarayoni va ilmiy faoliyatda tayanish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, ilmiy izlanishlar natijalarini amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Rektorlar universitetlarning yaqin va o‘rta muddatli istiqboldagi rivojlanishi bo‘yicha aniq reja va tasavvurga ega bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga taqdimotda bildirilgan takliflarni puxta ishlab chiqish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ