O‘zbekistonda suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi 606 ming tonnaga yetkaziladi
“O‘zbekneftgaz”, shuningdek, avgust oyida 27 ta quduqni ishga tushirishni rejalashtirmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni neft-gaz bozorida barqarorlikni ta’minlash va iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholini uglevodorod resurslari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda neft va gaz qazib chiqarish, import qilish, qayta ishlash, zaxiralash hamda iste’molchilarga yetkazib berish holati ko‘rib chiqildi. Ichki bozor ehtiyojlarini aniq hisob-kitob qilish, mavsumiy talabni oldindan hisobga olish va yetkazib berish grafiklariga qat’iy rioya etish zarurligi ta’kidlandi.
“O‘zbekneftgaz” AJda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini barqaror saqlash, mavjud konlardan samarali foydalanish va yangi quduqlarni o‘z vaqtida ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
Avgust oyida 27 ta quduqni ishga tushirish rejalashtirilgan. “Yangi Kultak”, “Niyoz”, “Qoratau”, “Marvarid” va “Tegirmon” konlaridagi ishlar hisobiga qo‘shimcha 887 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Quduqlarni burg‘ilashdan boshlab ularni gaz uzatish tarmog‘iga ulashgacha bo‘lgan jarayonlarni kunlik nazorat qilish, elektr ta’minoti va ishlab chiqarish infratuzilmasining uzluksiz ishlashini ta’minlash topshirildi.
Shuningdek, neft va gazni qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan barqaror ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish va ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uglevodorod resurslarini hududlarga o‘z vaqtida va yetarli hajmda yetkazib berish, zarur zaxiralarni oldindan shakllantirish hamda ishlab chiqaruvchi, tashuvchi va sotuvchi korxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish zarurligi qayd etildi.
Narxlar barqarorligini ta’minlash uchun bozorda yetarli taklif yaratish, mahsulotlarni talabdan kelib chiqib birja savdolariga chiqarish hamda ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini qisqartirish muhimligi ta’kidlandi.
Resurslarni asossiz ushlab turish, sun’iy taqchillik yaratish va narxlarni oshirishga qaratilgan holatlarning oldini olish bo‘yicha nazoratni kuchaytirish topshirildi.
“O‘zbekneftgaz”ga neft va gaz qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yil yakunigacha rejadagi 520 ming tonnadan 606 ming tonnagacha oshirish topshirildi.
Mutasaddilarga ichki bozor ehtiyojini kunlik tahlil qilish, ta’minot bilan bog‘liq xavflarni oldindan aniqlash va zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ