Hilton mehmonxonasini loyihalagan kompaniya Sirdaryo bo‘yida turistik majmualar qurishi mumkin
Britaniyaning Arup kompaniyasi Toshkent shahar hokimligi bilan uchrashdi
Foto: Toshkent viloyati hokimligi
Toshkent viloyatida Sirdaryo bo‘yida zamonaviy turistik majmualar barpo etish rejalashtirilmoqda. Loyiha Buyuk Britaniyaning Arup kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Arup kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda viloyatning iqtisodiy, sanoat va turistik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida viloyat hokimi Chinoz tumani hududidagi, xususan, Sirdaryo bo‘ylarida zamonaviy turistik majmualarni barpo etish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, hududning tabiiy imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qaratilgan boshqa loyihalar ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar Arup bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida yirik inshootlar, sanoat korxonalari, turistik zonalar va energetika obyektlari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish hamda yaqin vaqt ichida navbatdagi uchrashuvni o‘tkazishga kelishib oldi.
Arup 1946-yilda Londonda tashkil etilgan bo‘lib, loyihalash, muhandislik va qurilish boshqaruvi yo‘nalishlarida dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 140 dan ortiq mamlakat bilan hamkorlik qiladi va 37 ta davlatda ofislariga ega.
Kompaniya avval O‘zbekistonda ham qator yirik loyihalarda ishtirok etgan. Jumladan, Samarqand turizm markazi, Tashkent City’dagi Kongress-holl va Hilton mehmonxonasi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda transport va energetika infratuzilmasiga oid loyihalar uchun muhandislik va loyihalash xizmatlarini ko‘rsatgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ