O‘zbekistonda turpaket sotish uchun $50 ming miqdorida badal joriy etilishi rejalashtirilmoqda
Yangi tashabbus chet elga dam olishga ketayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan
Фото: Kapital.uz
O‘zbekistonda xorijga dam olish uchun chiqayotgan fuqarolar huquqlarini himoya qilish maqsadida Xavfsiz turizm maxsus kafolat jamg‘armasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu Turizm qo‘mitasi tomonidan jamoatchiliak muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasida nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, jamg‘arma Turizm qo‘mitasi huzurida alohida yuridik shaxs tashkil etilmagan holda faoliyat yuritadi. Jamg‘arma mablag‘lari favqulodda holatlarda fuqarolarni turar joy, ovqatlanish, transport, aloqa vositalari bilan ta’minlash hamda ularni vatanga qaytarish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, turagentliklar yoki turoperatorlar aybi bilan yuzaga kelgan zararlarni qoplash ham jamg‘arma hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. To‘lovlar sud qarori, turistlarning yoki ularning vakillarining murojaati yoxud vakolatli davlat organi qarori asosida amalga oshiriladi.
Loyihaga muvofiq, xorijga sayohatlar tashkil etish faoliyati uchun litsenziya olishni istagan kompaniyalar jamg‘arma hisobiga $50 ming ekvivalentidagi mablag‘ni o‘tkazishi talab etiladi.
Bundan tashqari, sotilgan har bir turpaket uchun qo‘shimcha yig‘im joriy etish taklif qilinmoqda. Uning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 15%ini (hozirgi kunda 61,8 ming so‘m) tashkil etadi. Mazkur to‘lov turpaket narxiga kiritiladi va xizmatni sotuvchi tomonidan jamg‘armaga o‘tkaziladi.
To‘lov amalga oshirilgach, Milliy turizm platformasining elektron tizimida maxsus raqamli kod shakllantiriladi. Ushbu identifikator turistning himoya dasturiga kiritilganini tasdiqlaydi va shartnoma, yo‘llanma hamda boshqa elektron hujjatlarda ko‘rsatiladi.
Loyihada xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston fuqarolariga turpaketlarni bevosita sotishi taqiqlanishi ham nazarda tutilgan. Ular bunday faoliyatni faqat litsenziyaga ega sho‘ba korxonalar yoki mahalliy hamkor kompaniyalar orqali amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Uch yildan ortiq vaqt davomida qonunbuzarliksiz faoliyat yuritgan va jamg‘armada $150 mingdan ortiq mablag‘ jamg‘argan kompaniyalar uchun imtiyozlar ham taklif etilgan. Bunday hollarda ortiqcha mablag‘lar kelgusidagi majburiy badallar hisobiga o‘tkazilishi mumkin.
Qaror loyihasida jamg‘arma mablag‘lari ishlatilishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlar ham belgilangan. Ular qatoriga:
- qaytish aviachiptasining mavjud emasligi yoki bekor qilinishi;
- yashash yoki transfer xarajatlari to‘lanmagani sababli xorijiy davlatni tark eta olmaslik;
- xorijiy hamkorlarning shartnoma majburiyatlarini bajarmasligi;
- turfirmalar tomonidan viza yoki boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishdagi xatolar;
- borilayotgan davlatda favqulodda yoki harbiy holat joriy etilishi, shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xavfli hudud deb e’lon qilinishi;
- turistlarni yuqori xavfli hududlarga yuborish;
- sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urta polisi yoki yordam mexanizmlarining mavjud emasligi;
- safar tashkilotchisining xatosi sababli turistning deportatsiya qilinishi;
- turoperator faoliyatining to‘xtatilishi yoki bankrot bo‘lishi kabilar kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ