Saudiya Arabistoni bir yil amal qiladigan ko‘p martalik Umra vizasini joriy etdi
Yangi viza bilan mamlakatga bir necha bor kirish mumkin, biroq Saudiya Arabistonida bo‘lish muddati jami 90 kun uchun amal qiladi
Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi umra ziyoratchilari uchun 365 kun amal qiladigan ko‘p martalik Umra vizasini joriy etdi. Bu haqda Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish markazi ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, viza bir yil davomida amal qiladi va uning egalariga Saudiya Arabistoniga bir necha bor kirish imkonini beradi. Biroq barcha tashriflar davomida mamlakat hududida bo‘lishning umumiy muddati 90 kundan oshmasligi kerak.
Shuningdek, har bir safar oldidan Nusuk platformasi orqali mehmonxona, transport va boshqa xizmatlarni tanlab, Umra ziyoratini amalga oshirish uchun ruxsatnoma (permit) rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi. Mazkur tizim ziyoratchilar uchun xizmatlarni raqamlashtirish va ularning sifatini oshirishga qaratilgan.
Markazning qayd etishicha, ko‘p martalik Umra vizasi Haj mavsumida umra amallarini bajarish huquqini bermaydi. Bu davrda Saudiya Arabistoni tomonidan belgilangan alohida tartib va cheklovlar amal qiladi.
Bundan tashqari, agar ziyoratchi bir safar davomida ruxsat etilgan 90 kunlik muddatdan to‘liq foydalansa, ushbu viza asosida mamlakatga qayta kirish imkoniyati qolmaydi. Bunday holatda keyingi safar uchun yangi Umra vizasini rasmiylashtirish talab etiladi.
Agar ziyoratchi yil davomida bir necha marta Saudiya Arabistoniga kirsa, barcha tashriflar davomida mamlakatda bo‘lgan kunlar yig‘indisi 90 kundan oshmasligi shart.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ