Shimoliy vokzal yaqinidagi yerosti yo‘lida savdo maskanlari tashkil etiladi
4 ming kvadrat metrlik joyning bir qismida keyinchalik o‘quv markazlari ham ochilishi rejalashtirilgan
Foto: Gazeta.uz
Toshkentdagi Shimoliy vokzal va “Toshkent” metro bekati o‘rtasidagi yerosti yo‘li tadbirkorlar uchun ijaraga beriladi. Tegishli masala 24-sentabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining 15-sessiyasida ko‘rib chiqildi.
Toshkent shahri hokimi birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov poytaxtda amalga oshirish rejalashtirilgan loyihalarni taqdim etdi.
Loyihalardan biri, Mirobod tumani “Toshkent” metro bekatidan Toshkent Shimoliy vokzali o‘rtadan 4000 kvadrat metrlik yerosti yo‘ldagi davlat xususiy sherikchiligi asosidagi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish. Haydarov avval bu joyda do‘konlar bo‘lganini esladi.
Mana bir necha yillardan beri bo‘m-bo‘sh turibdi 4 ming kvadrat metr joy. Aynan shu joyda loyihalarni qilib, o‘sha yerda aholini ko‘proq jalb qilib, keyinchalik bir qismni o‘quv markazlari qilish, savdo-xizmat ko‘rsatish joylari qilish taklif etiladi, — deydi Haydarov.
Deputatlar loyihani bir ovozdan ma’qulladi.
Avvalroq Baxtiyor Haydarov Toshkentda ipoteka subsidiyalari miqdorini oshirish taklif qilgandi. Uning ta’kidlashicha, dasturda belgilangan imtiyozlar poytaxtdagi uy-joy narxlari balandligi sababli yetarli emas. Chunki Toshkent shahrida subsidiya faqat 440 mln so‘mgacha bo‘lgan kredit va 30 mln so‘mlik boshlang‘ich to‘lovni qoplaydi, holbuki uylarning narxi 550−700 mln so‘m atrofida bo‘lgani uchun ularni xarid qilish imkoniyati cheklangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ