Sentabr oyida dollar kursining qadrsizlanishi sababli uy-joy ijara narxlari qimmatlashdi
Xususan, bir xonali xonadonlarning oylik oʻrtacha ijara narxi $318 dan $334 ga koʻtarilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Toshkent shahrida uy-joylar uchun taklif etilgan ijara narxlarini tahlil qildi. Oʻrganishga koʻra, 2025-yil sentabr oyida poytaxtda dollarning soʻmga nisbatan qadrsizlanishi uy-joylar ijara narxlarining qimmatlashishiga olib kelgan.
AQSH dollari hisobida ijara narxlari avgust oyidagiga nisbatan koʻtarildi. Shuningdek, yangi oʻquv yili boshlanishi bilan ijaraga beruvchilarning ijara narxlari oshishi boʻyicha kutilmalari taklif etilayotgan narx-navoga taʼsir qilgan boʻlishi mumkin, deyiladi tadqiqot natijasida.
Oʻrtacha taʼmirlangan uy-joylar ijarasi
Oʻtgan oyda bir xonali xonadonlarning oylik oʻrtacha ijara narxi $318 dan $334 ga koʻtarilgan. Oʻrtacha taʼmirlangan ikki xonali uylar ijarasi $394 dan $412 ga, uch xonalilari $477 dan $502 ga qimmatlashgan. Toʻrt xonali kvartiralar oylik ijarasi esa $537 dan $556 ga oshgan.
Tadqiqotda yozilishicha, nisbatan arzon narxlar Sergeli tumanida qayd etilgan. Hududda bir xonali uylar $293, ikki xonalilari $365, uch xonali xonadonlar $412 dan ijaraga berilgan.
Uchtepa tumanida ham narxlar nisbatan pastroq qayd etilgan. Yaʼni bir xonali uyning oʻrtacha oylik ijarasi $316, ikki xonalisi $381 boʻlgan. Oʻz navbatida uch xonali xonadonda ijaraga $432 dan, toʻrt xonalisida $400 dan to‘gʻri kelgan.
Nisbatan qimmat ijara narxlari Shayxontohur tumanida kuzatilgan. Bunda bir xonali uy $354, ikki xonalisi $472, uch xonalisi $604, toʻrt xonali xonadon ijarasi $617 ni tashkil etgan.
Shu bilan birga, Yakkasaroy tumanidagi uylar ijarasi ham boshqa hududlardagiga qaraganda qimmat ekani aniqlangan. Masalan, sentabrda tumanda bir xonali xonadonda ijaraga yashash oyiga $402 ga, ikki xonalisida istiqomat qilish esa $506 ga tushgan. Agar uch xonali uyda yashalsa, oyiga $660, toʻrt xonalisiga esa $800 toʻlashga toʻgʻri kelgan.
Toʻliq taʼmirlangan uy-joylar ijarasi
Sentyabr oyida toʻliq taʼmirlangan xonadonlar uchun oʻrtacha ijara narxlari sezilarli qimmatlashgan. Masalan, shunday toifadagi bir xonali uyda yashash narxi $413 dan $435 ga koʻtarilgan. Ikki xonali uyniki $580 dan $614 ga yetgan.
Poytaxtda eng yuqori darajada qimmatlashgan ijara haqi ($50) toʻliq taʼmirlangan uch xonali xonadonlar hissasiga toʻgʻri kelgan. Bu toifadagi uyda bir oy yashash haqi avgustdagi $824 dan sentabrda $874 gacha oshgan. Toʻrt xonali uylar ijarasi qiymati $1 185 dan $1 201 ga koʻtarilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ