Saida Mirziyoyeva: “Odamlar dod deganicha bor — qurilishlar tufayli poytaxtdagi hududlar tag-tugi bilan yo‘q qilib yuborilyapti”
Prezident administratsiyasi rahbari Bosh prokuratura Toshkentdagi bunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazishini ma'lum qildi
Foto: Saida Mirziyoyeva sahifasi
Saida Mirziyoyeva Toshkentning Mirobod tumanidagi mahallada bolalar maydonchasi o‘rniga biznes markazi qurish rejalashtirilgan joyga borib, holatni tanqid qildi.
Prezident administratsiyasi rahbari Mirobod tumanidagi Lolazor mahallasiga kelganida, mahalla ahli ekkan daraxtlar shafqatsizlarcha kesib, qo‘porib tashlanganiga guvoh bo‘lganini qayd etdi.
Odamlar dod deganicha bor — qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, o‘yin va sport maydonchalari tag-tugi bilan yo‘q qilib yuborilyapti, deb yozdi u o‘zining Telegram’dagi sahifasida.
Aholi foydalanishi uchun ajratilgan shahar hududlari ofis yoki turar joy binolarini qurishga mo‘ljallanmaganini, ular o‘z vazifasiga ko‘ra xizmat qilishi zarurligini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura butun Toshkent shahri bo‘yicha bunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazadi. Qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilinganini tekshirish shart.
Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, mas’ul shaxslarga nisbatan murosasiz jazo choralari ko‘riladi, aybdorlar, kerak bo‘lsa, hatto ozodlikdan mahrum etiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ