O‘zbekistonga gaz importi ishlab chiqarish hajmi qisqarishi fonida qariyb $1 mlrdga yetdi
Olti oyda tabiiy gaz qazib olish 18,3 mlrd kub metrga tushdi, xorijdan gaz xaridi esa 1,7 baravar oshdi
Фото: Нефть и капитал
2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda xorijdan tabiiy va sun’iy gaz, shuningdek, turli yoqilg‘i-moylash materiallari importi sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilning dastlabki olti oyida mamlakatda 18,3 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olindi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 21,9 mlrd kub metrni tashkil etgan edi.
Shuningdek, neft qazib olish hajmi 313,8 ming tonnani, gaz kondensati ishlab chiqarish esa 462,1 ming tonnani tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkichlar ham mos ravishda 10,1 ming tonna va 113,1 ming tonnaga kamaygan.
Ichki qazib olish hajmining qisqarishi fonida energiya resurslari importi sezilarli oshdi. Tabiiy va sun’iy gaz importi $971,7 mlnni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 baravar ko‘paydi.
Neft, neft mahsulotlari va shunga o‘xshash mahsulotlar importiga esa $1,1 mlrd sarflandi. Ushbu mablag‘ning asosiy qismi — $409,5 mln avtomobil benzini xaridiga yo‘naltirilgan.
Uglevodorod mahsulotlari eksportida esa boshqa tendensiya kuzatilmoqda. O‘zbekiston nefti va neft mahsulotlari eksportidan $422,2 mln tushum olindi.
Tabiiy va sun’iy gaz eksporti esa $232,9 mlnni tashkil etib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $44,5 mlnga kam bo‘ldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ