Marko Rubio amerikalik investorlarga O‘zbekistondan uy-joy sotib olishni tavsiya qildi
AQSH vakili buni tadbirkorlarning kelgusida O‘zbekistonga tez-tez kelishingizga to‘g‘ri kelishi bilan izohlagan
AQSH davlat kotibi Marko Rubio amerikalik investorlarga O‘zbekistondan kvartira yoki kichikroq uy sotib olishni ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Uning aytishicha, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yanada kengayadi. Bu haqda u 19-oktabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — AQSH biznes va investitsiya kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Bunga ko‘nikib qo‘yinglar, chunki bu hamkorlik tobora kengayib boradi. Balki sizlarga bu yerdan kvartira yoki kichikroq uy sotib olish ham kerak bo‘lar, chunki endi O‘zbekistonga tez-tez kelishingizga to‘g‘ri keladi. Biz ham sizlarning bu yerga tez-tez kelishingizga umid qilamiz, — dedi Rubio amerikalik tadbirkorlarga murojaat qilib.
U, shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev investorlarga “yaxshi ko‘chmas mulk” topishda yordam berishi mumkinligi haqida hazillashdi.
Rubio AQSH O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash niyatida ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati mintaqa bilan munosabatlarga alohida e’tibor qaratmoqda.
Davlat kotibi Samarqanddagi uchrashuvda 200 dan ortiq amerikalik biznes yetakchisining ishtirok etishini ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.
Rubio investorlarning O‘zbekistonga qiziqishini mamlakatning geografik joylashuvi, tabiiy resurslari, mehnatga layoqatli aholisi, prezidentning “ambitsiyali va dunyoga ochiq” siyosati, shuningdek, texnologiyalar va infratuzilma sohalaridagi o‘sish salohiyati bilan izohladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ