Qashqadaryoda $54 mlnlik to‘qimachilik fabrikasi ishga tushirildi
Korxonada 840 ta ish o‘rni yaratildi va $3 mlnlik aylanma suv ta’minoti tizimi joriy etildi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahrida “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan Sulton Tex Group kompaniyasining to‘qimachilik fabrikasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qiymati $54 mln bo‘lgan loyiha mato ishlab chiqarish va uni bo‘yashni nazarda tutadi. Ishga tushirilgan liniyalar yiliga 20 ming tonnagacha mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Korxonada 840 ta ish o‘rni yaratilgan.
Suv va energiya resurslari tejaladi
Fabrikada suv va energiya resurslari sarfini kamaytirishga qaratilgan texnologiyalar joriy etilgan. Xususan, bu yerda qiymati $3 mln bo‘lgan aylanma suv ta’minoti tizimi ishlaydi. U foydalanilgan suvning 95 foizdan ortig‘ini tozalab, ishlab chiqarish jarayoniga qaytaradi.
Buning natijasida korxona yiliga 1,1 mln kub metr suvni tejaydi.
Elektr ta’minotining uzluksizligini ta’minlash uchun fabrikada gaz generatori o‘rnatilgan. Shuningdek, bino tomi va devorlariga umumiy quvvati 3,5 MVt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirilgan.
Ushbu yechimlar elektr energiyasi, issiq suv va bug‘ xarajatlarini kamaytirish hamda mahsulot tannarxini pasaytirish imkonini beradi.
Kompaniya yana $87 mln investitsiya kiritmoqchi
Sulton Tex Group “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi loyihalarga yana $70 mln investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Ularning amalga oshirilishi natijasida 3 570 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, kompaniya Qashqadaryo viloyatining boshqa tumanlaridagi loyihalarga $17 mln yo‘naltirmoqchi. Bu loyihalar orqali yana 1 220 kishining bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Prezident fabrika faoliyati bilan tanishish davomida ishlab chiqarish jarayoni va tayyor mahsulotlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. U korxonada resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish tajribasini boshqa to‘qimachilik korxonalarida ham ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ