Markaziy bank moliyaviy xizmatlarni sinovdan o‘tkazishning uchta yo‘nalishini joriy etadi

Yangi tartib innovatsion loyihalar va xorijda sinovdan o‘tgan moliyaviy xizmatlar uchun alohida shartlarni nazarda tutadi

Markaziy bank moliyaviy xizmatlarni sinovdan o‘tkazishning uchta yo‘nalishini joriy etadi

O‘zbekiston Markaziy banki moliyaviy xizmatlar va texnologiyalarni nazorat ostida sinovdan o‘tkazish imkonini beruvchi maxsus rejim faoliyati tartibini yangiladi. Bu haqda Lex.uz saytida e’lon qilingan nizomda belgilangan.

Yangilangan nizomga ko‘ra, tartibga solish “qumdoni” ishtirokchilari uchta yo‘nalishga ajratiladi. Bular — innovatsion loyihalar, akseleratsiya va texnologik hamkorlik yo‘nalishlaridir. Yo‘nalish loyihaning xususiyatlari va sinovdan o‘tkaziladigan xizmat turiga qarab belgilanadi.

Innovatsion yo‘nalish ilgari bozorda qo‘llanilmagan yangi yoki noodatiy yondashuvlarga asoslangan moliyaviy xizmatlarni sinovdan o‘tkazishga mo‘ljallangan. Bunday loyihalar mavjud muammolarni hal qilishga, mijozlar ehtiyojlarini qondirishga, amaliy foyda keltirishga va aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kerak.

Akseleratsiya yo‘nalishi O‘zbekiston bozorida hali mavjud bo‘lmagan, biroq xorijiy mamlakatlarda sinovdan o‘tgan yoki joriy etilgan xizmatlarni qamrab oladi. Ariza beruvchilar sinov muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda loyihani yanada kengaytirish imkoniyatini asoslab berishi lozim.

Texnologik hamkorlik yo‘nalishi esa banklar va boshqa moliyaviy tashkilotlarga amaldagi xizmatlarni takomillashtirishga qaratilgan texnologik yechimlarni sinovdan o‘tkazish imkonini beradi. Bunda ishlab chiqilayotgan yechimlar amaldagi qonunchilik va tartibga solish talablariga zid bo‘lmasligi kerak.

Sinov muddati tanlangan yo‘nalishga qarab belgilanadi. Akseleratsiya yo‘nalishida u 12 oygacha davom etadi va zarurat bo‘lganda yana olti oyga uzaytirilishi mumkin. Innovatsion loyihalar va texnologik hamkorlik yo‘nalishida esa sinov muddati uch yilgacha etib belgilangan.

Maxsus rejimda ishtirok etish uchun kompaniyalar bir qator talablarga javob berishi, jumladan, kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni himoya qilish choralarini ta’minlashi kerak. Shuningdek, tartibga soluvchi organ bilan dastlabki maslahatlashuvlar o‘tkazish va elektron platforma orqali ariza topshirish imkoniyati nazarda tutilgan.

Agar kompaniyada ma’lumotlar xavfsizligi va maxfiyligini ta’minlash uchun zarur texnik imkoniyatlar bo‘lmasa, Markaziy bank sinovdan o‘tkazishga ruxsat berishni rad etishi mumkin. Taklif etilayotgan xizmatni ishga tushirish uchun qonunchilikka o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq bo‘lmagan holatlar ham rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Arizani ko‘rib chiqish uchun 40 ish kuni ajratiladi. Sinov muddati esa loyiha turiga bog‘liq bo‘lib, uch yilgacha davom etishi mumkin.

Sinov yakunlangach, ishtirokchilar uning natijalarini taqdim etishi kerak. Maxsus rejim doirasidagi faoliyatni davom ettirish belgilangan talablarga rioya etilishiga bog‘liq bo‘ladi.

Bundan tashqari, kompaniya olti oy davomida faoliyat yuritmasa yoki xavfsizlik talablarini buzsa, Markaziy bank uni maxsus rejimdan chiqarishi mumkin.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 2026-yilda yo‘l qurilishi uchun $442 mln o‘zlashtiriladi
/
O‘zbekistonda 2026-yilda yo‘l qurilishi uchun $442 mln o‘zlashtiriladi
O‘zbekiston 2030-yilgacha raqamli ta’lim uchun $100 mln grant jalb qiladi
/
O‘zbekiston 2030-yilgacha raqamli ta’lim uchun $100 mln grant jalb qiladi
Bir oyda jarimaning yarmini to‘lagan tadbirkorlar qolgan qismidan ozod qilinishi mumkin
/
Bir oyda jarimaning yarmini to‘lagan tadbirkorlar qolgan qismidan ozod qilinishi mumkin