Farmatsevtikada raqamli transformatsiya: xavfsizlik va samaradorlikning yangi bosqichi

Foydalanuvchilar mobil ilova orqali dorining aslligi, kelib chiqishi va tarkibini tekshirishi mumkin

Farmatsevtikada raqamli transformatsiya: xavfsizlik va samaradorlikning yangi bosqichi

O‘zbekiston poytaxtida 24-25 sentyabr kunlari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarning farmatsevtika sohasidagi yetakchi ishtirokchilarini birlashtirgan mintaqaning asosiy professional maydoni — “O‘zbekiston frmatsevtikasi va Markaziy Osiyo” 4-xalqaro kongressi va ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ko‘magida o‘tkazildi va biznes vakillari, davlat organlari, investorlar, texnologik kompaniyalar va xalqaro ekspertlar uchun jozibador nuqtaga aylandi. Kongressda 300 dan ortiq yirik farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari mintaqada sohani rivojlantirish muammolari, tendensiyalari va strategiyalarini muhokama qildilar.

Raqamli markirovka: tajribadan to‘liq kuzatishgacha

Kongressning asosiy mavzularidan biri dori vositalarini raqamli markirovkalash — O‘zbekiston farmatsevtika sohasining qyofasini o‘zgartirayotgan texnologik va me’yoriy o‘zgarishlar bo‘ldi. Tadbirda so‘zga chiqqan CRPT TURON “Dori vositalari” mahsulot guruhi menejeri Shafiya Kadirova ta’kidlaganidek, ASL BELGISI tizimi orqali amalga oshirilayotgan markirovka loyihasi davlat, biznes va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi samarali hamkorlikning namunasi bo‘ldi.

Raqamli markirovkaning natijalari:

  • 2024-yilda 439 mln qadoq dori tizim orqali o‘tkazilgan;
  • 2025-yil sentabriga kelib bu ko‘rsatkich 800 mlndan oshdi;
  • chakana savdoda markirovkalangan dorilar hajmi 6 barobar oshib, 22 mlndan 148 mln qadoqqa yetdi.

Tizim nafaqat texnologik yetuklikni, balki foydalanuvchilarning yuqori darajadagi faolligini ham namoyish etmoqda.

Dori vositalari Asl Belgisi mobil ilovasida (Android/IOS) skanerlashlar soni bo‘yicha yetakchiligini saqlab qolmoqda: iste’molchilar uni dori vositalarining haqiqiyligi, tarkibi va kelib chiqishini tekshirishda faol foydalanmoqda.

Markirovkaning afzalliklari: nazorat, xavfsizlik, samaradorlik

Raqamli markirovka bir vaqtning o‘zida bir nechta muhim vazifalarni hal qiladi:

  1. Soxtalashtirishga qarshi kurash. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha dori-darmonlarning 15 foizgacha aylanmasi qalbaki mahsulotlardan iborat. Yagona kod tufayli har bir qadoq ishonchli himoyaga ega bo‘ladi.
  2. Shaffoflik va nazorat. Mahsulotning ishlab chiqarilishidan tortib dorixonagacha bo‘lgan barcha bosqichlari davlat va jamoatchilik nazorati ostida bo‘ladi.
  3. Biznes jarayonlarini optimallashtirish. Markirovka kompaniyalarga logistika, zaxiralar va xaridlarni samarali boshqarishga yordam beradi, xarajatlarni kamaytiradi va ish jarayonini yanada samarali qiladi.

BFQ, Xtrace va xalqaro integratsiya

2025-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistonda biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) yangi raqamli platforma — Xtrace orqali ixtiyoriy ravishda markirovka qilish boshlandi.

Bugungi kunga kelib tizimga 63 nafar ishlab chiqaruvchi va importyor ulangan, reyestrga 284 ta mahsulot pozitsiyasi kiritilgan va 3 milliondan ortiq markirovkalangan qadoqlar ishlab chiqarilgan. Dastlabki sinov partiyasining chiqarilishi tizimning texnik tayyorgarligi va ishonchliligini tasdiqladi.

Xtrace — bu markirovkaning yangi bosqichi: kengaytirilgan analitik imkoniyatlar, moslashuvchan sozlamalar va kompaniyalarning ichki tizimlari bilan yaxshilangan integratsiya. Bu tizim raqamli markirovkani nafaqat nazorat uchun, balki biznesning kundalik operatsion faoliyatida ham qulay vositaga aylantiradi.

Muhim yutuqlardan biri — O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida markirovka kodlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvga erishilganidir. Dastlabki sinov jo‘natmasi “Farmstandart” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi, importyor sifatida esa “Astor Alliance” ishtirok etadi. Bu esa O‘zbekiston mahsulotlarini eksport qilish va dori vositalarining chegara orqali soddalashtirilgan aylanishiga keng yo‘l ochadi.

Tarmoq kelajagi: raqamlashtirish, eksport va ishonch

Raqamli markirovka sog‘liqni saqlash ekotizimining ajralmas qismiga aylanmoqda. U mahsulotning yaroqlilik muddati, seriya raqamlari va har bir qadoqning harakatini — dorixona yoki tibbiyot muassasasigacha bo‘lgan bosqichlargacha kuzatib borishga imkon beradi.

Fuqaro faolligi ham jarayon samaradorligini kuchaytiradi: mobil ilova orqali har bir iste’molchi mahsulotning haqiqiyligini tekshirish bilan birga, buzilishlar haqida xabar berib, jamoatchilik nazoratining faol ishtirokchisiga aylanishi mumkin.

Raqamli markirovka — bu shunchaki normativ yangilik emas. Bu sifat, xavfsizlik va raqobatbardoshlikka qaratilgan investitsiyadir.

O‘zbekiston ochiq, shaffof va texnologik jihatdan rivojlangan farmatsevtika bozorini yaratish yo‘lida qat’iyat bilan harakat qilmoqda. Bu bozor xalqaro kuzatuv tizimlariga mos bo‘lib, yangi bozorlarga eksportni soddalashtirish imkonini beradi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Janubiy Koreya Eksimbanki Hyundai Rotem poyezdlari uchun mablag‘ ajratishi kutilmoqda
/
Janubiy Koreya Eksimbanki Hyundai Rotem poyezdlari uchun mablag‘ ajratishi kutilmoqda
ACWA Power kompaniyasi Sirdaryoda ikkinchi yirik loyihani boshlashi mumkin
/
ACWA Power kompaniyasi Sirdaryoda ikkinchi yirik loyihani boshlashi mumkin
Elektromobil quvvatlagichlari uchun tadbirkorlarga 10% gacha imtiyozli kreditlar joriy qilinishi mumkin
/
Elektromobil quvvatlagichlari uchun tadbirkorlarga 10% gacha imtiyozli kreditlar joriy qilinishi mumkin