Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni chalg‘ituvchi qurilish shartnomalari haqida ogohlantirdi
Xususan, iste’molchi tashabbusi bilan shartnoma bekor qilinganda quruvchi korxonalar tomonidan 10% jarima undirilishi qonunga zid hisoblanadi
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni chalg‘ituvchi qurilish shartnomalari haqida ogohlantirmoqda.
Joriy yilning yanvar–avgust oylarida Raqobat qo‘mitasiga ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi va xaridlari bo‘yicha qariyb 1000 ta murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyatida qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnoma shartlarining buzilishi — yangi uylarni o‘z vaqtida topshirmaslik, shartnomada belgilangan talablarni bajarmaslik, reklama va e’lonlarda ko‘rsatilgan loyihalarga amal qilmaslik kabi holatlar qayd etilgan.
Murojaatlarni o‘rganish jarayonida ayrim qurilish korxonalari shartnomalarga qonunchilikka zid bandlar kiritayotgani ham aniqlangan. Xususan, shartnoma shartlarida “agar iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti to‘langan mablag‘ yoki shartnoma qiymatining 10%i miqdorida jarima undirish huquqiga ega” degan holatlar ko‘plab uchramoqda.
Amalda esa bunday talablar qonun normalariga zid hisoblanadi. Fuqarolik kodeksining 385-moddasida shartnoma bekor qilinganda faqat ikkinchi tarafga aniq zarar yetkazilganda uni qoplash mumkinligi belgilangan. Ko‘p hollarda esa iste’molchi shartnomani bekor qilganida qurilish tashkilotiga zarar yetmaydi, chunki ko‘p qavatli uylar tipik loyiha asosida quriladi va ular osonlikcha boshqa xaridorga sotilishi mumkin.
Shuningdek, kodeksning 260-moddasida jarima yoki penya qarzdor majburiyatini bajarmagan taqdirdagina qo‘llanishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Aksariyat holatlarda iste’molchi o‘z to‘lovini vaqtida amalga oshiradi, qurilish tashkiloti esa uy topshirilmaguncha qarzdor maqomida qoladi.
Shu bois iste’molchining tashabbusi bilan shartnoma bekor qilinganda undan jarima undirish qonunga zid hisoblanadi.
“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, bunday shartlar haqiqiy emas deb topiladi, iste’molchining ustuvor huquqlari esa kafolatlangan.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarga shartnoma tuzishdan oldin barcha bandlarni diqqat bilan o‘rganishni, zarur hollarda malakali yurist yoki advokat xizmatidan foydalanishni tavsiya etdi. Agar shartnomada qonunga zid bandlar aniqlansa, sud yoki vakolatli davlat idoralariga murojaat qilish orqali o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish mumkin.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, olib borilgan ishlar natijasida 8 nafar iste’molchining qurilish tashkilotlari bilan tuzgan shartnomalari bekor qilinib, noqonuniy jarimalar bekor qilingan va fuqarolarga 1,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ