O‘zbekistonga iPhone 17 telefonlarini olib kirish qanchaga tushishi ochiqlandi
Bojxona qo‘mitasi xorijdan olib kiriladigan mobil qurilmalar uchun to‘lovlar haqida ma’lumot berdi
Bojxona qo‘mitasi jismoniy shaxslarning bojxona chegarasi orqali notijorat maqsadida olib kirayotgan mobil qurilmalari uchun to‘laydigan boji yuzasidan ma’lumot berdi.
Hukumatning 2025-yil 19-apreldagi qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari quyidagicha belgilangan:
- havo transportida $1 ming;
- temiryo‘l va daryo transportida $500;
- avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali $300.
Bunda mobil qurilma bojxona qiymati belgilangan normadan ortgan taqdirda, cheklangan me’yorlardan ortiq qismiga nisbatan 30% miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvardagi qaroriga asosan bojxona organlari tomonidan bojxona kirim orderini to‘ldirish va rasmiylashtirish uchun BHMning 25%i (103 ming so‘m) bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im undiriladi.
Mobil qurilma narxi qanday hisoblanadi?
Mobil qurilmaning bojxona qiymati cheklar, kvitansiyalar va (yoki) boshqa tijorat hujjatlari bilan tasdiqlangan, ma’lum qilingan qiymatdan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Shaxs tomonidan ma’lum qilingan tovarlarning bojxona qiymati to‘g‘ri belgilanganini tasdiqlovchi hujjatlar va ma’lumotlar bo‘lmagan taqdirda bojxona organi tovarlarning bojxona qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi. Bunda bojxona organi o‘z ixtiyorida mavjud bo‘lgan narxlar to‘g‘risidagi axborotdan, ya’ni bojxona yuk deklaratsiyalari elektron baza ma’lumotlari va muqobil manbalaridan olingan narxlardan foydalanadi.

Muqobil manbalaridan olingan narxlarga ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki yetkazib beruvchilarning rasmiy e’lon qilinadigan ma’lumotnomalari, byulletenlari, prays-varaqlari va boshqa ishonchli manbalar kiradi, deyiladi qo‘mita bayonotida.
Misol uchun, bugungi kunda fuqarolar tomonidan eng ko‘p qiziqish bildirilayotgan iPhone 17 rusumidagi mobil qurilma olib kirilganda, uning bojxona qiymati agar xarid cheki, kvitansiyasi va (yoki) boshqa tijorat hujjatlari mavjud bo‘lsa, undagi qiymatdan kelib chiqib, agar mavjud bo‘lmasa ishlab chiqaruvchi hisoblanadigan Apple’ning fuqaro kelayotgan davlatdagi rasmiy sayti ma’lumotlardagi narxlarga asoslaniladi.
Bojxona to‘lovi iPhone 17 Pro Max (2 TB) misolida
Turli o‘tkazish punktlarida to‘lanadigan bojxona to‘lovlari va rasmiylashtirish yig‘imlari AQShdan olib kelinadigan va 2-oktabr holatidagi rasmiy narxi $1 999 bo‘lgan iPhone 17 Pro Max (2 TB) misolida:
| Olib kirish turi |
Bojsiz me’yor |
Me’yordan ortiq summa |
30% bojxona to‘lovi |
Deklaratsiya yig‘imi |
Jami to‘lov |
| Havo transporti orqali | $1000 | $999 | $300 | 103 ming so‘m | $300 + 103 ming so‘m |
| Temiryo‘l (yoki daryo) orqali | $500 | $1499 | $450 | 103 ming so‘m | $450 + 103 ming so‘m |
| Avtomobil (piyoda) orqali | $300 | $1699 | $510 | 103 ming so‘m | $510 + 103 ming so‘m |
Mazkur qurilmalarning bojxona qiymati ular olib kirilayotgan davlatdagi narxlarga chambarchas bog‘liq.
Bojxona qo‘mitasi shu munosabat bilan iPhone 17 rusumidagi mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtirish jarayonida qo‘llanilayotgan bojxona qiymati haqidagi ma’lumotlarni ular eng ko‘p olib kirilayotgan davlatlar kesimida taqdim etib borishini eslatib o‘tdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ