O‘zbekiston Vena konvensiyasiga qo‘shildi
Konvensiya yadroviy falokat yuz bergan taqdirda aholiga tovon to‘lanishini ta’minlash ko‘zda tutadi
Фото: Известия
26-sentabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekiston yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shildi.
Qonunchilik palatasi qonunni 27-may kuni qabul qilgan. Senat 26-iyunda ma’qullagan.
Konvensiya 1963-yil 21-mayda qabul qilingan. Uning maqsadi — yadroviy qurilma operatori tomonidan boshqariladigan inshootlarda sodir bo‘lgan hodisalar natijasida yuzaga kelgan yadro zarari uchun operatorning javobgarligini, shuningdek, yadro zararidan moliyaviy himoyani ta’minlash uchun minimal talablarni belgilashdan iborat.
Konvensiyaga muvofiq operatorning yadroviy zarar uchun mutlaq javobgarligi belgilangan. Agar zarar qurolli mojaro, fuqaroviy urush, isyon yoki favqulodda tabiiy ofatlar natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa, yoxud yadroviy inshootning o‘ziga yoki operatorga tegishli mulkka zarar yetkazilgan bo‘lsa, operator javobgarlikdan ozod etiladi.
Yadroviy zarar deganda yadroviy obyektda ionlashtiruvchi nurlanish keltirib chiqaradigan quyidagi yo‘qotishlar tushuniladi:
- odamlarning halok bo‘lishi, tan jarohati olishi;
- mol-mulkka zarar yetkazilganda yoki u yo‘qolganda;
- bunday yo‘qotishlar yoki zararlarga nisbatan da’vo qo‘zg‘atish huquqiga ega bo‘lgan shaxsning iqtisodiy yo‘qotishlari;
- atrof muhitni tiklash xarajatlari;
- atrof muhit holatining yomonlashuvi natijasida iqtisodiy manfaatdan olinadigan boy berilgan daromadlar;
- oldini olish chora-tadbirlari xarajatlari, ular tufayli yetkazilgan keyingi yo‘qotishlar yoki zarar qiymati;
- boshqa iqtisodiy zararlar, agar fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi qonunda bunga yo‘l qo‘yilsa.
Konvensiya yadro qurilmasi operatorining fuqarolik javobgarligining minimal chegarasini $5 mln miqdorida belgilaydi.
Bunda dollar tushunchasi 1963-yil 29-apreldagi rasmiy oltin pariteti bo‘yicha belgilangan qiymatni anglatadi, ya’ni bir troy unsiya sof oltin $35 ga teng bo‘lgan.
Shu bilan birga, konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan davlat milliy qonunchiligida yadro qurilmasi operatorining fuqarolik javobgarligi chegarasini belgilab qo‘yishi shart. Buning uchun u moliyaviy javobgarlikning aniq miqdorini va uni ta’minlash tartibini belgilovchi tegishli ichki me’yoriy-huquqiy hujjatni qabul qilishi lozim.
Ma’lumot uchun, 1963-yildagi oltin pariteti asosida belgilangan $5 mln bugungi kunda taxminan $480 mlnga teng bo‘lmoqda.
Ta’kidlanishicha, da’volarni topshirish muddati yadroviy hodisa yuz bergan paytdan boshlab 10 yil bilan cheklanadi. Bundan tashqari, konvensiya yadroviy hodisa sodir bo‘lgan davlat hududidagi milliy sudlarning yurisdiksiyasini zararni qoplash to‘g‘risidagi da’volarni ko‘rib chiqishda yagona vakolatli organ sifatida tan oladi.
Konvensiyaga qo‘shilgandan so‘ng, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning yadroviy zarar yetkazganlik uchun uchinchi shaxslar oldidagi fuqarolik-huquqiy javobgarligining o‘ziga xos xususiyatlarini, uni moliyaviy ta’minlash mexanizmini, yadroviy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha sud ishlarini yuritishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilaydigan.
Shuningdek, radiatsiyaviy ta’sirdan zarar ko‘rgan jismoniy va yuridik shaxslarning, bundan tashqari atrof tabiiy muhit obyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning moliyaviy kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan “Yadroviy zarar yetkazilganlik uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlik va uning moliyaviy ta’minoti to‘g‘risida”gi alohida normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish talab qiladi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Vena konvensiyasiga qo‘shilganidan so‘ng, yadro xavfsizligi sohasidagi xalqaro shartnomalarga, xususan:
- “Yadro avariyalari yoki radiatsiyaviy avariya holatlarida yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi Konvensiya” (Vena, 1986-yil 26-sentabr);
- “Yadroviy avariya haqida tezkor xabar berish to‘g‘risidagi Konvensiya” (Vena, 1986-yil 26-sentabr);
- “Yadro xavfsizligi to‘g‘risidagi Konvensiya”ga (Vena, 1994-yil 17-iyun) qo‘shilishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan joriy yilda:
- “Kimyoviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi;
- “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi;
- “Radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ