O‘zbekiston va OTB o‘rtasida $12,5 mlrd qiymatidagi yangi hamkorlik dasturi imzolandi

Hamkorlik 2030-yilga qadar ipoteka bozori va xususiy sektor, yoshlar tadbirkorligi kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi

O‘zbekiston va OTB o‘rtasida $12,5 mlrd qiymatidagi yangi hamkorlik dasturi imzolandi

Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi doirasida Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida OTB rahbari mamlakat yetakchisiga bank Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi O‘zbekistonda o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagani va ko‘rsatgan ko‘magi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Qayd etilishicha, tomonlar O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi keng ko‘lamli o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlarini muhokama qildi. O‘tgan 30 yilda OTB O‘zbekistonning strategik sherigiga aylandi.

Loyihalar portfeli qariyb $16 mlrdni tashkil etmoqda, amaliyotlar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkorlaridan biriga aylandi.

Temir va avtomobil yo‘llari, energetika va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash, qishloq xo‘jaligi va xususiy sektorni rivojlantirish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirildi va davom etmoqda.

O‘zbekiston prezidenti va bank rahbari sammit doirasida imzolangan OTB bilan sheriklik bo‘yicha 2030-yilga qadar bo‘lgan davrga mo‘ljallangan yangi dasturga kiritilgan umumiy qiymati $12,5 mlrdlik loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikda ishlashga kelishib oldi:

  • ipoteka bozori va xususiy sektor;
  • yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikni qisqartirish;
  • inklyuziv ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish;
  • raqamli innovatsiyalarni joriy etish va maxsus iqtisodiy zonalarda infratuzilmani modernizatsiya qilish.

Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan, bankning mablag‘larni safarbar etishdagi yetakchiligini kuchaytirish orqali ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident OTB rahbariyati va jamoasiga Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi muvaffaqiyatli va samarali o‘tishini tiladi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan sheriklik dasturini almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda kompaniyalarga $50 mlngacha valyuta obligatsiyalarini chiqarishga ruxsat berildi
/
O‘zbekistonda kompaniyalarga $50 mlngacha valyuta obligatsiyalarini chiqarishga ruxsat berildi
O‘zbekistonda olis hududlar uchun klinikalarga $200 mln imtiyozli kredit ajratiladi
/
O‘zbekistonda olis hududlar uchun klinikalarga $200 mln imtiyozli kredit ajratiladi
O‘zbekistondagi 34 ta turizm obyektining master-rejalari ishlab chiqiladi
/
O‘zbekistondagi 34 ta turizm obyektining master-rejalari ishlab chiqiladi