O‘zbekiston bank tizimi kelgusi ikki yilda Basel III va IFRS xalqaro standartlariga to‘liq moslashtiriladi
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov bank tizimidagi asosiy xavf-xatarlarni sanab, ko‘rilayotgan choralar haqida gapirdi
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov FSAP asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasining bir yili o‘tganini, yana ikki yil ichida bank tizimi va tartibga solish mexanizmlari xalqaro standartlarga moslashtirilishini ma’lum qildi.
24-avgust kuni Silk Road Finance & Technology Forum doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekiston bank tizimi oldida turgan asosiy xatarlar, dollarizatsiya darajasi haqidagi savollarga javob berdi. Bu haqda forumda ishtirok etgan Kapital.uz muxbiri xabar bermoqda.
Bank tizimi uchun eng katta xavf nima?
Anjumanda Markaziy bank raisiga O‘zbekiston global moliya tizimiga faol integratsiyalashayotgan bir paytda kelgusi uch-besh yil ichida bank sektori uchun ehtimoliy katta xavflar haqida savol berildi.
Timur Ishmetov bunga javoban bank tizimi oldida bitta emas, bir nechta xavf mavjud va ularning asosiy qismi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda baholanganini ma’lum qildi.
Xususan, Markaziy bank ikki yil avval Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan Moliyaviy sektorni baholash dasturi — FSAPni o‘tkazgan. Ushbu baholash butun moliyaviy tizimdagi zaif nuqtalarni aniqlashga qaratilgan.
Biz butun moliyaviy tizim uchun diagnostika o‘tkazdik. Maqsad bank tizimidagi xavflarni o‘zimiz ham aniq tushunish va jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyatga muammolarimiz qayerda ekanini bilishimizni ko‘rsatish edi, — dedi Ishmetov.
FSAP natijalari asosida uch yillik yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan. U bank tizimi va Markaziy bank tartibga solish mexanizmlarini xalqaro standartlarga moslashtirishni nazarda tutadi.
Yo‘l xaritasining bir yili ortda qoldi, yana ikki yil bor. Uch yil ichida xalqaro standartlarga to‘liq mos keladigan bank tizimi va bank tartibga soluviga ega bo‘lishni maqsad qilganmiz. Ya’ni, Basel III, IFRS va boshqa standartlarga moslashamiz, — dedi Timur Ishmetov.
Kreditlar va dollarizatsiya nazorat ostida
Ishmetov bank tizimidagi hozirgi xavflardan biri sifatida aholini kreditlashdagi o‘sishni ham tilga oldi.
Uning aytishicha, Markaziy bank xatarlar paydo bo‘lishini kutib o‘tirmasdan, ularni aniqlashi bilan makroprudensial choralarni joriy etishga harakat qilmoqda.
Har safar qandaydir xavfni ko‘rsak, uni aniqlaymiz va darhol tegishli tartibga solishni joriy qilamiz, — dedi Markaziy bank raisi.
Yana bir muhim masala — dollarizatsiya. Markaziy bank so‘nggi yillarda depozitlar va kreditlardagi xorijiy valyuta ulushini kamaytirishga erishganini ma’lum qildi.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi iqtisodiy rivojlanish bosqichida depozitlar dollarizatsiyasining «tabiiy darajasi» qariyb 20% deb baholangan va ushbu ko‘rsatkich shu darajaga tushirilgan.
Kreditlardagi dollarizatsiyani kamaytirish esa murakkabroq bo‘lgan. Shunga qaramay, xorijiy valyutadagi kreditlar ulushi 50% dan yuqori darajadan hozirgi qariyb 37% gacha tushirilgan.
Bu xavflarni prudensial qoidalar orqali boshqaryapmiz. Xususan, sug‘urtalanmagan valyuta xavflariga ko‘proq e’tibor qaratdik, — dedi u.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ