OpenAI va Nvidia $1 trlnlik sun’iy intellekt bozorini shakllantirmoqda
Tahlilchilar sun’iy intellekt bozoridagi bunday “aylanma” investitsiyalar kelajakda sun’iy o‘sish va iqtisodiy pufakka olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda
Sun’iy intellekt sohasidagi eng yirik kompaniyalar — OpenAI va Nvidia o‘zaro bitimlar tarmog‘i orqali $1 trlnlik AI bozorini shakllantirmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Avvalroq Nvidia kompaniyasi OpenAI’ga $100 mlrdgacha sarmoya kiritishini e’lon qilgan edi. Ushbu mablag‘ sun’iy intellekt uchun ulkan ma’lumot markazlarini qurishga yo‘naltiriladi, OpenAI esa ularni millionlab Nvidia chiplariga to‘ldirish majburiyatini olgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, OpenAI Nvidia’ning raqibi AMD bilan ham shunga o‘xshash kelishuvni imzoladi. Bitim doirasida kompaniya milliardlab dollarlik AMD chiplarini joylashtirib, ushbu kompaniyaning yirik aksiyadorlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, OpenAI va Nvidianing bunday o‘zaro sarmoyalari sun’iy intellekt bozorida “aylanma” investitsiya tizimini shakllantirib, sun’iy tarzda o‘sishni qo‘llab-quvvatlamoqda. OpenAI’ning Nvidia, AMD va Oracle bilan tuzgan hisoblash infratuzilmasiga oid bitimlari umumiy qiymati $1 trlndan oshadi.
Tahlilchilarning ogohlantirishicha, agar AI bozori “pufak” holatiga kelsa, bu jarayonning dastlabki belgilari aynan shu bitimlardan boshlanishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ