“Jinoyatchi qonun doirasidagi eng og‘ir jazoga tortiladi” — Mirziyoyeva Namanganda 5 yoshli qiz zo‘rlangani haqida
Oilaga to‘liq ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi, xususan, qizning onasiga o‘qish va ishga joylashishiga yordam beriladi
Foto: Saida Mirziyoyeva Telegram sahifasi
Saida Mirziyoyeva Namanganda 5 yoshli qiz zo‘rlanganiga munosabat bildirib, bo‘lgan voqeani eshitib, g‘azabi ichimga sig‘may ketganini bildirdi.
Nazarimda, bunday vahshiyona jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash kerak. Lekin ming afsuski, amaldagi qonunchilikda oliy jazo ko‘zda tutilmagan. Tegishli idoralarga barcha zarur ko‘rsatmalar berildi. Jinoyatchi qonun doirasidagi eng og‘ir jazoga tortiladi. Shuningdek, beparvoligi bilan bu qabohatga yo‘l ochgan, norasida bolani asray olmagan barcha mas’ullar ham jazolanadi, dedi Saida Mirziyoyeva.
Shu bilan birga, Prezident administratsiyasi rahbari bu turdagi jinoyatlar uchun javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish uchun qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
Keyinchalik Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 5 yoshli qizning oilasi boshqa shaharga ko‘chib o‘tishini ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, fojia yuz berganidan beri idora vaziyatni nazorat qilib kelmoqda. Ilk kunlardan mutaxassislar hamda psixologlar qizaloq va uning onasi bilan ishlamoqda. Bu og‘ir damda oilaga barcha zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Ular uy-joy va zarur reabilitatsiya bilan ta’minlanadi. Oilaga to‘liq ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi, xususan, qizning onasiga o‘qish va ishga joylashishiga yordam beriladi. Zarur bo‘lsa, familiyasini o‘zgartirishga ham koʻmaklashiladi.
Eng muhimi, bolajon va uning yaqinlari xavfsiz joyda yangi hayot boshlashlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi, dedi Shahnoza Mirziyoyeva.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Prezident administratsiyasi bu masalani alohida nazoratga olgan. Barcha mas’ul idoralar ilk kunlardanoq ishga jalb qilingan.
Namanganda 5 yoshli qiz zo‘rlangani
Bolaga qarshi jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan 12-sentyabr kuni Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) va 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shu kunning o‘zida gumonlanuvchi K.M. (bog‘chada ishlovchi ombor mudiri) protsessual tartibda darhol ushlangan bo‘lib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Bolalar ombudsmani sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirligiga taqdimnoma kiritdi. Unda hodisa sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, barcha maktabgacha ta‘lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini ta‘minlash hamda bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha zarur choralar ko‘rish talab etilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborotiga ko‘ra, voqeaga daxldor deb gumon qilingan bog‘cha xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Ayni paytda vazirlikning maxsus ishchi guruhi tomonidan shu kabi holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari tekshirilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ