Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar aktivlari 10 trln so‘mga yetdi
Shunga qaramay muammoli kreditlari hajmi 2,4% ga oshib, 436 mlrd so‘mni tashkil etmoqda
2025-yil 1-iyul holatiga mikromoliya tashkilotlari va lombardlar aktivlari 1,6 barobarga oshib, 10 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Markaziy bank o’z sharhida ma’lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, mikromoliya tashkilotlarining aktivlari 1,6 barobarga (qo‘shimcha 3,9 trln so‘m) o‘sib, 9,4 trln so‘mga, lombardlar aktivlari esa 1,5 barobarga (qo‘shimcha 193 mlrd so‘m) oshib, 606 mlrd so‘mga yetdi.
Jami aktivlarning 95%i (9,5 trln so‘m) kredit qo‘yilmalariga to‘g‘ri keladi. Kreditlar hajmining o‘sishi asosan kredit qo‘yilmalarining umumiy 1,6 barobarga, xususan mikromoliya tashkilotlarida 1,7 barobar, lombardlarda 1,5 barobar o‘sishi hisobiga yuzaga keldi. Natijada, mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning umumiy kredit qoldig‘idagi ulushi 1,6% ga yetdi.
2025-yilning I yarim yilligida jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 1,5 barobarga oshib, 8,4 trln so‘mni, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i esa 3,8 barobarga ko‘payib, 1,1 trln so‘mni tashkil etdi. Shu davrda YATT va yuridik shaxslarga ajratilgan mikrokreditlar qoldig‘i qariyb 4 barobarga oshib, 1 trln so‘mga yetdi; faktoring xizmatlari hajmi 4,1 barobarga oshib, 124 mlrd so‘mga yetgan; lizing xizmatlari hajmi esa 40% ga kamayib, 7,2 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Muammoli kreditlar (NPL) joriy yilning 1-iyul holatiga 436 mlrd so‘mni yoki 4,8% ni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 246 mlrd so‘m yoki 2,4% bandga oshdi. “Shubhali” kreditlar yil boshiga nisbatan 2,6 barobarga (qo‘shimcha 253 mlrd so‘m) o‘sdi, “umidsiz” kreditlar esa 28% ga (qo‘shimcha -7 mlrd so‘m) kamaydi. Muammoli kreditlarning 413 mlrd so‘mi (96%) shubhali, 18 mlrd so‘mi (4%) umidsiz kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Muammoli kreditlar o‘sishining taxminan 90%i “Tezkoin” (142 mlrd so‘m) va “Shaffof-moliya” (80 mlrd so‘m) mikromoliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
NPLlarni qoplash koeffitsiyenti yil boshiga nisbatan 5% bandga pasayib, 2025-yil II chorak yakunida 52% ni tashkil etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ