Markaziy bank rasmiy valyuta kursini hisoblashda birjadan tashqari bitimlarni ham inobatga oladi
Shuningdek, dam olish kunlari uchun oxirgi ish kunida rasmiy e’lon qilingan valyuta kurslaridan foydalaniladi
Foto: Kapital.uz
2026-yil 15-sentabrdan O‘zbekistonda rasmiy valyuta almashuv kurslarini shakllantirish va e’lon qilish tartibi takomillashtiriladi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Shundan boshlab Markaziy bankning rasmiy valyuta kurslari faqat valyuta birjasidagi bitimlar asosida emas, balki banklararo birjadan tashqari bozorda tuzilgan bitimlar ham hisobga olingan holda shakllantiriladi.
Xususan, rasmiy kurs birja va birjadan tashqari bozorda tuzilgan bitimlarning o‘rtacha tortilgan kursi asosida hisoblanadi. Bu ichki valyuta bozoridagi bitimlarni kengroq qamrab olish va bozor holatini rasmiy kursda aniqroq aks ettirish imkonini beradi.
Shuningdek, dam olish kunlari, jumladan shanba va yakshanba kunlari uchun oxirgi ish kunida rasmiy e’lon qilingan valyuta kurslaridan foydalanish amaliyotiga o‘tiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ