O‘zbekistonda ayrim xodimlar uchun ijtimoiy soliq 2% gacha kamaytiriladi

Imtiyoz qishloq tumanlarida ehtiyojmand oilalar a’zolarini ishga qabul qiladigan korxonalarga tatbiq etiladi

O‘zbekistonda ayrim xodimlar uchun ijtimoiy soliq 2% gacha kamaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tuman va mahallalar darajasida yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish topshirig‘ini berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

9-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirishga yondashuv o‘zgarganidan so‘ng tashkil etilgan hududiy shtablarning faoliyati muhokama qilindi. Xususan, faoliyati to‘xtab qolgan korxonalar, foydalanilmayotgan obyektlar va xususiy sektor imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.

1-oktabrdan boshlab qishloq tumanlarida ehtiyojmand oilalar a’zolarini ishga qabul qiladigan korxonalar uchun ushbu xodimlarga nisbatan ijtimoiy soliq stavkasi 2% etib belgilanadi.

Yig‘ilishda Oqoltin tumani misol sifatida keltirildi. Bu yerda tadbirkor 880 o‘rinli xususiy maktab ochib, kam ta’minlangan oilalarning 110 nafar farzandiga bepul ta’lim bermoqda. Bunda mazkur bolalarning ota-onalarini ish bilan ta’minlash talab etiladi.

Shuningdek, ayollar bandligi masalasi ham alohida ko‘rib chiqildi. Xazorasp tumanidagi tikuvchilik korxonalaridan birida 400 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud, biroq ayrim ayollar bolalarini parvarish qilish uchun sharoit yo‘qligi sababli ishga chiqa olmayapti. Tadbirkor bog‘cha qurish uchun yer maydoni ajratilsa, xodimlarni ovqat va transport bilan ta’minlashga tayyorligini bildirgan.

Shu munosabat bilan ehtiyojmand oilalar farzandlariga bepul ta’lim beradigan bog‘cha, maktab va texnikum qurish loyihalarini amalga oshirishga tayyor tadbirkorlarga yer uchastkalarini boshlang‘ich narxi 1 mln so‘mdan taqdim etish taklif qilindi.

Yig‘ilishda, shuningdek, yangi ishlab chiqarish va servis loyihalarida foydalanish mumkin bo‘lgan bo‘sh turgan binolar hamda foydalanilmayotgan yer maydonlarini aniqlash topshirildi. Tuman va mahallalarning gavjum ko‘chalarida biznesni joylashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi lavozimiga tayinlandi
/
Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi lavozimiga tayinlandi
UzAuto Motors gibrid Chevrolet Equinox PHEV savdosini boshladi
/
UzAuto Motors gibrid Chevrolet Equinox PHEV savdosini boshladi
Markaziy bank rasmiy valyuta kursini hisoblashda birjadan tashqari bitimlarni ham inobatga oladi
/
Markaziy bank rasmiy valyuta kursini hisoblashda birjadan tashqari bitimlarni ham inobatga oladi