Birinchi qavatdagi xonadonlardan servis uchun foydalanishga ruxsat berish taklif qilindi
Bunda tadbirkor yoki xonadon egasining faoliyat boshlangani haqida xabar berishi yetarli bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatidagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan, ularni savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berish taklif qilindi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda aholi bandligini oshirishda servis sohasining imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalasi muhokama qilindi. Qayd etilishicha, ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlarida sartaroshxona, go‘zallik saloni, kichik do‘kon, atelye, poyabzal va maishiy texnika ustaxonasi kabi aholiga qulay xizmat turlarini tashkil etish mumkin. Biroq amaldagi tartibda xonadonni noturar joyga o‘tkazish uchun ortiqcha tartiblar va ruxsatlar talab etiladi.
Shu bois birinchi qavatdagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan, ularni savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berish taklif qilindi. Bunda tadbirkor yoki xonadon egasining tegishli faoliyatni boshlagani haqida xabardor qilishi yetarli bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Mutasaddilarga bir oy muddatda bunday xonadonlarda tashkil etilishi mumkin bo‘lgan xizmat turlari ro‘yxati va xavfsizlik talablarini ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonalar uchun 1-oktabrdan ushbu xodim bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 2% etib belgilanishi ham ma’lum qilindi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligida eski bog‘lar va qarovsiz yerlarni yangilash, har bir gektardan olinadigan daromadni oshirish, ko‘p qavatli uylar atrofidagi bo‘sh joylarni tartibga keltirish, bolalar maydonchalari, sport va yashil hududlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ