O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni so‘nggi besh yil ichida 68 baravarga oshgan

Ekspertlar fikriga ko'ra, aholining raqamli savodxonligini oshirish yaqin yillarda ustuvor yo‘nalishga aylanadi

O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni so‘nggi besh yil ichida 68 baravarga oshgan

O‘zbekistonda raqamli xavfsizlik va moliyaviy himoya masalalari tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda kiberjinoyatlar soni so‘nggi besh yil ichida 68 baravarga, faqatgina 2024-yilda esa o‘tgan yilga nisbatan 9 barobarga oshgan. Mutaxassislar bu o‘sishni aholining raqamli savodxonligi yetarli darajada emasligi bilan izohlamoqda.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, kiberjinoyatlarga qarshi kurash faqat texnik vositalar bilan chegaralanmasligi kerak. Bu, avvalo, ijtimoiy masala hamdir. Shu sabab, aholining raqamli madaniyatini oshirish, yoshlar va davlat xizmatchilarini axborot xavfsizligi standartlariga o‘rgatish yaqin yillarda ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.

Mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlar doirasida UZCARD to‘lov tizimi, Ichki ishlar vazirligi va Markaziy bank tomonidan tashkil etilgan CyberWeek 2025 dasturi o‘z yakuniga yetdi. Dastur final bosqichi 8–9 oktabr kunlari Buxoro shahrida bo‘lib o‘tdi.

CyberWeek kengroq miqyosdagi raqamli savodxonlikni oshirishga qaratilgan milliy tashabbusning mantiqiy davomi hisoblanadi. Ushbu tashabbus 2024-yil 19-dekabr kuni UZCARD ofisida Ichki ishlar vazirligi va UZCARD o‘rtasida imzolangan memorandum asosida boshlangan. Hujjat raqamli va moliyaviy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlik uchun poydevor bo‘lib xizmat qilgan.

Bizning maqsadimiz faqat onlayn firibgarlik holatlarining oldini olish emas, balki raqamli muhitda xavfsizlikka nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirishdir. Ushbu loyiha fuqarolarning raqamli xizmatlarga bo‘lgan ishonchini oshirish va jamiyatning umumiy kiber-savodxonligini rivojlantirishga qo‘shilgan hissadir, — dedi “UCMG” axborot xavfsizligi bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Nurjau Bolatbek.

2025-yil 13-may kuni Farg‘onada IIV ko‘magida milliy raqamli savodxonlik dasturiga rasmiy start berilgan. Loyihaning maqsadi — aholining raqamli madaniyatini oshirish va onlayn firibgarlikka qarshi tizimli mexanizmlarni shakllantirishdir.

Yil davomida CyberWeek dasturi Farg‘onadan tashqari Samarqand, Nukus (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) va Buxoro shaharlarini ham qamrab oldi. Tadbirlar davomida IIV, Markaziy bank va UZCARD vakillari raqamli xavfsizlikdagi asosiy xavf omillari, foydalanuvchilarning onlayn xatti-harakatlari hamda firibgarlik holatlarini kamaytirish yo‘llarini muhokama qildi.

Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, dastur 2026-yilda ham davom ettiriladi. Yangi bosqichda sun’iy intellekt asosida ishlab chiqiladigan himoya texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Yaponiya O‘zbekistondan gaz, neft va minerallar importini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda
/
Yaponiya O‘zbekistondan gaz, neft va minerallar importini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda
Toshkent aeroportidagi avtoturargohlarni ijaraga berish boshlandi
/
Toshkent aeroportidagi avtoturargohlarni ijaraga berish boshlandi
O‘zbekiston GIZ bilan 9 mln yevrolik grant jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi
/
O‘zbekiston GIZ bilan 9 mln yevrolik grant jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi