“HUGGIES” tovar belgisidan noqonuniy foydalangan “Ahangaron Hygienic Pro” jarimaga tortildi
Kompaniya “Kimberly-Clark” ga tegishli tovar belgisidan foydalangani va obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aniqlangan
“HUGGIES” tovar belgisidan noqonuniy foydalangan “Ahangaron Hygienic Pro” MChJga tegishli ta’sir chora qo‘llanildi, deb xabar bermoqda Raqobat qo‘mitasi.
Qayd etilishicha, “Kimberly-Clark” MChJ o‘ziga tegishli “HUGGIES” tovar belgisidan boshqa bir korxona — “Ahangaron Hygienic Pro” MChJ ruxsatsiz foydalanganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. Mazkur murojaat belgilangan tartibda o‘rganib chiqilgan.
O‘rganishlar davomida “Ahangaron Hygienic Pro” MChJ haqiqatan ham “Kimberly-Clark” MChJga tegishli tovar belgisidan foydalangani va bu holat kompaniya obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aniqlangan.
Shundan kelib chiqib, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Ahangaron Hygienic Pro” MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. “Raqobat to‘g‘risida” hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar talablari buzilgan deb topildi va korxonaga tegishli tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzarlik holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ