O‘zbekistonlik tadbirkorlar Hindistonda $13 mlnlik shartnomalar tuzdi
Shartnomalar tibbiyot, to‘qimachilik, logistika va ta’lim sohalarini qamrab oladi

Фото: Торгово-Промышленная Палата
Hindistonga ishbilarmonlik tashrifi doirasida o‘zbekistonlik tadbirkor ayollar delegatsiyasi $13 mln miqdoridagi bir qator muhim kelishuvlarni imzoladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi ma’lum qilmoqda.
Safar davomida biznes-forumlar, B2B formatidagi uchrashuvlar va boshqa tadbirlar o‘tkazildi. Ularda tadbirkor ayollar Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining 200 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari bilan muzokaralar olib bordilar.
Xususan, “MaxFarm” rahbari Gulchehra Ahmedova “Gokal International” klinikasi bilan $3 mlnlik tibbiy mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi. “Life Medium” rahbari Nargiza Umarbekova tibbiyot, huquq va logistika sohalaridagi to‘qqizta kompaniya bilan $1 mlnlik hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishdi.
“Nurtex” rahbari Munira Toshmuhamedova $2,5 mlnlik maxsus tibbiy kiyimlarni eksport qilish bo‘yicha bitim imzoladi. “Cashgenics” rahbari Shahzoda Subanova sakkizta xorijiy kompaniya bilan ishlab chiqarishni $3,5 mlnga kengaytirish bo‘yicha shartnomalar tuzdi.
“LaSposa” to‘y liboslari saloni rahbari Yuliya Mavlyanova “Vasha Varma” kompaniyasi bilan $1 mlnlik matolar importi bo‘yicha kelishuvga erishdi. “MPA International” agentligi rahbari Nigina Tojiboyeva uchta ta’lim muassasasi bilan shartnoma imzoladi.
“Artatex” rahbari Nigina Bekmuratova to‘qimachilik sohasida “AgroGiam” kompaniyasi bilan $2 mlnlik shartnomani amalga oshirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ