Yil boshidan buyon elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish hajmi 34 trln so‘mga yetdi

Shuningdek, $2,1 mlrdlik 157 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda

Yil boshidan buyon elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish hajmi 34 trln so‘mga yetdi

2025-yilning 9 oyida tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 16,3% ga o‘sib, 34 trln so‘mga yetdi. Eksport hajmi esa $970 mlnni tashkil qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda mamlakatimizda chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, bu borada mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, misni xarid qilishda chegirma taqdim etish, kredit foizlarining 5% dan yuqori qismini davlat tomonidan qoplash, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha yengilliklar berish rejalashtirilgan.

Ayni vaqtda mis mahsulotlari eksportining atigi 60%i yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tarmoqda an’anaviy turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan birga yuqori texnologik turlarini o‘zlashtirish, jumladan, elektronika va yarim o‘tkazgichlar sohasiga kirib borish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yangi loyihalar hisobiga kelgusi yillarda yurtimizda mis ishlab chiqarish hajmi 250 ming tonnaga, 2030-yilga borib esa 500 ming tonnaga yetishi kutilmoqda. Mutasaddilar ushbu xomashyo bazasidan foydalanib, uning negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar to‘g‘risida axborot berdi.  Serverlar, sanoat elektronikasi, konditsionerlar, quyosh panellari, nazorat-o‘lchov va avtomatika vositalari, smart-kartalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan. Umuman, bu yo‘nalishda $2,1 mlrdlik 157 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ular orqali 14,5 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.

Taqdimotda hududlardagi elektrotexnika texnoparklarining faoliyati ham ko‘rib chiqildi.

Ayni paytda milliy mahsulotlarimizni xalqaro bozorlarga chiqarish imkoniyatlari kengaymoqda. O‘zbekiston standartlar instituti Xalqaro elektrotexnika komissiyasi baholash sxemasiga a’zo organ sifatida qabul qilindi. Bu mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sertifikatlarining 53 davlatda tan olinishini ta’minlaydi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yevropalik hamkorlar bilan muvofiqlikni baholash tizimini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga Yevroittifoq talablariga moslikni tasdiqlovchi “CE” belgisi beriladi. Bu esa Yevropaga eksport hajmini kamida ikki barobar oshirish imkonini yaratadi.

Davlatimiz rahbari rejalashtirilgan chora-tadbirlar va loyihalar ijrosini jadallashtirish, eksportning o‘sish sur’atlarini saqlab qolib, yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Yaponiya O‘zbekistondan gaz, neft va minerallar importini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda
/
Yaponiya O‘zbekistondan gaz, neft va minerallar importini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda
Toshkent aeroportidagi avtoturargohlarni ijaraga berish boshlandi
/
Toshkent aeroportidagi avtoturargohlarni ijaraga berish boshlandi
O‘zbekiston GIZ bilan 9 mln yevrolik grant jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi
/
O‘zbekiston GIZ bilan 9 mln yevrolik grant jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi