Surxondaryoda yengil yuk avtomobillari ishlab chiqarish boshlandi
$30 mlnlik loyiha doirasida yiliga 5 ming dona avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yengil yuk avtomobillari ishlab chiqarish boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyihaning umumiy qiymati $30 mlnni tashkil etadi. Yillik quvvati 5 ming dona mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.
Shu bilan birga, loyiha doirasida 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Mazkur korxona Humo New Energy kompaniyasi tomonidan ishga tushirildi.
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Humo New Energy 2018-yil fevral oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi — 42,47 mlrd so‘m. Kompaniya chuchuk suv baliqchiligi bilan shug‘ullanadi.
Asosiy ta’sischisi Qulmatova Ozoda Qarshiyevna (95,8%), yana 4,2%i Rajabov To‘raqul Boboniyozovichga tegishli. Direktor etib Qulmatova Muxtabarxon Ismatovna ko‘rsatilgan. Korxona kichik tadbirkorlik subyektlari qatoriga kiradi.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan arzon va sifatli yengil yuk mashinalarining asosiy butlovchi qismlari mahalliy sharoitda tayyorlanishi aholiga hamyonbop va ishonchli transport vositalari taqdim etish imkonini yaratadi, deyiladi xabarda.
Loyihaning keyingi bosqichida yengil yuk elektromobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ