Toshkentning Bunyodkor ko‘chasida 90 ta biznes subyekti 24 soatlik ish tartibiga o‘tdi
Kelgusida ularning soni 26 taga ko‘payishi rejlashtirilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, aholining turmush sharoitlari, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Shayxontohur va Chilonzor tumanlarini Bunyodkor ko‘chasi bog‘lab turadi. Ushbu markaziy ko‘chada san’at va madaniyat maskanlari, turli idoralar, ko‘p qavatli uylar, supermarket va restoranlar joylashgan. Uning 1,5 kilometr qismi xizmat ko‘rsatish va gastroturizm ko‘chasiga aylantirildi.
Ko‘chada 90 ta tadbirkorlik subyekti tun-u kun ishlash tartibiga o‘tkazildi. Shundan 45 ta korxona yangi tashkil etildi. 500 kishi ish bilan ta’minlandi.
Ko‘chaga yondosh hududdagi Kamolon, Yangi Kamolon va Kamolon darvoza mahallalarida 18 mingga yaqin aholi yashaydi. Bu o‘zgarishlar, avvalo, shu insonlar turmushida seziladi. Qolaversa, hozir bu joyga yiliga 255 ming mehmon tashrif buyurmoqda. Endi ularning sonini yiliga 1 mlnga yetkazish uchun sharoit bor.
Poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida shunday gavjum ko‘chalar tashkil etilgan. Bunyodkor ko‘chasi mazkur turizm halqasining bir qismi bo‘ladi. Umuman, Toshkent shahrida 26 ta ko‘chani tun-u-kun ishlaydigan gavjum ko‘chaga aylantirish, 24 soat ishlaydigan savdo nuqtalarini mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Shu yerda zamonaviy bekatlar hamda avtoturargohlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ