O‘zbekistonda boj stavkalarini qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi
Ta'kidlanishicha, bojsiz limitlar fuqarolarga qo‘shimcha xarajat va bozorda raqobatning pasayishiga sabab bo‘lmoqda
1-maydan O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlar bo‘yicha kuchga kirgan yangi bojsiz normalar fuqarolarga qo‘shimcha moliyaviy xarajat yuklashdan tashqari, bozordagi raqobatga ham ta’sir ko‘rsatmoqda, deya o‘zgarishga munosabat bildirdi “Yuksalish” umummiliy harakati.
Harakat raisi Bobur Bekmurodov bojxona to‘lovlari monopoliya xavfini kuchaytirayotganini ta’kidlab, O‘zbekistonda rasmiy distribyutori bo‘lmagan tovarlarni, tabiiyki, fuqarolar chetdan olib kelishga majburligini bildirdi.
Ammo 30% lik boj bu tovarlarni sun’iy qimmatlashtirib, iste’molchi tanlovining cheklanishi va yirik importchilarning mavqeyi mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi. Natijada raqobat pasayishi, narxlar oshib, tovarlar sifati yomonlashishi va kichik hamda o‘rta tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyatlari cheklanishi mumkin. Buning oqibatida iste’molchilar tanlov huquqidan mahrum bo‘ladi va sog‘lom bozor rivojlanishi to‘xtaydi, — deyiladi bayonotda.
“Yuksalish” shuning uchun yashirin iqtisodiyotga qarshi “boshqacha, samarali hamda inson huquqlariga daxl qilmaydigan mexanizmlar” haqida o‘ylash maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. Harakat yuqoridagi muammolarga yechim sifatida, quyidagilarni taklif qiladi:
- jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun tovarlarni O‘zbekistonga olib kirishda qo‘llanadigan boj to‘lovlari, limitlar va stavkalar faqat qonun darajasida, Vazirlar Mahkamasi esa tartiblarni belgilashi lozim;
- tijorat maqsadidagi importni shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlardan aniq ajratish mexanizmini ishlab chiqqan holda, normadan oshgan qismiga nisbatan 30% o‘rniga pastroq, mutanosib va progressiv stavkalarni qo‘llash;
- bojxona tariflarini mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash ko‘rinishida monopoliyani shakllantirish vositasi emas, balki faqat haqiqiy kontrabandaga qarshi kurash hamda raqobatni rivojlantirish vositasi sifatida qo‘llash;
- ichki bozorda yetarlicha raqobat shakllanmagan tovarlar uchun import shartlarini yengillashtirish;
- ro‘yxatga olish jarayonini soddalashtirish va boj to‘lovi talab qilinmagan hollarda (masalan, 1−2 dona shaxsiy qurilma uchun) UzIMEI orqali ro‘yxatga olishni bepul qilish.
Shaxsiy iste’mol tovarlariga qo‘llanilayotgan yuqori boj to‘lovlari fuqarolarning mulkiy huquqlariga putur yetkazadi. Shunday ekan, boj siyosati iqtisodiy erkinlik va adolat tamoyillarini himoya qilgan holda kontrabandaga qarshi qaratilgan bo‘lishi maqsadga muvofiq, — dedi Bobur Bekmurodov.
Kapital.uz avvalroq xuddi shu qaror bilan shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni bojsiz olib kirishda chet elda bo‘lishning minimal muddati ham joriy etilgani haqida xabar bergandi. Xususan, endi piyoda yoki avtomobilda mamlakatga kelayotgan fuqarolar bojsiz tovar olib kirish uchun chetda kamida 2 kun, samolyotdagilar esa 3 kun bo‘lishi kerak.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ