“Blackrock” kompaniyasi O‘zbekistonda Qo‘shma fond tashkil etishni rejalashtirmoqda
Bundan tashqari, “Franklin Templeton” kompaniyasi xalqaro depozit banklarini jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzolangan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga amaliy tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida “Blackrock” investitsiya kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesini qabul qildi.
“Blackrock” – Amerikaning aktivlar va fondlarni boshqarish, shuningdek, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan yirik investitsiya kompaniyasi. Kompaniya aktivlari $11 trlndan oshadi.
AQSHning yetakchi kompaniyasi bilan strategik sheriklikni, eng avvalo, energetika, transport va suv infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qo‘shma fond tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Tez fursatda Platforma konsepsiyasi kelishiladi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish boshlanadi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Prezident Mirziyoyev, shuningdek, “Franklin Templeton” kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Jenni Jonsonni ham qabul qildi.
“Franklin Templeton” aktivlarni boshqarish va investitsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi $12 mlrddan oshadi. Qiymati $1,6 trlndan ziyod aktivlarni boshqaradi.
Kompaniya bilan “Toshkent” fond birjasi salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha uning mustaqilligi va shaffofligini mustahkamlash, fond bozorida investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yaratish, yirik xalqaro depozit banklarini jalb qilish va raqamli platformalarni joriy etishni nazarda tutuvchi ekspertlik ko‘magini ko‘rsatish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Yirik davlat korxonalari samaradorligini oshirish va ularni IPOga chiqarish dasturlarini amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Shuningdek, kadrlar salohiyatini oshirish, “yashil” iqtisodiyot standartlarini joriy etish va samaradorlikni oshirishga e’tibor qaratgan holda davlat korxonalarini transformatsiya qilish uchun kompaniyaning tajribasi jalb etiladi.
Prezident Mirziyoyevning 19-sentabrdagi qaroriga muvofiq “Franklin Templeton” ishonchli boshqaruvidagi Milliy investitsiya jamg‘armasi ustav kapitaliga davlat ulushi o‘tkaziladigan korxonalar va banklar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritildi. Kompaniyalar soni 18 tadan 15 taga qisqargan, ammo ro‘yxatga “O‘zsanoatqurilishbank” (30%) qo‘shilib, ayrim korxonalardagi davlat ulushi oshirilgan.
Xususan, “O‘zbekgidroenergo” AJ ulushi 20% dan 40% ga, “Temiryo‘linfratuzilma” AJ ulushi 25% dan 40% ga, “O‘zbekinvest” EISK AJ ulushi esa 20% dan 30% ga ko‘tarildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ