Bankomatlar ishlamasa, banklar javobgar bo‘ladi — Markaziy bank

2025-yilda bankomatlardagi 341 mln operatsiyaning 0,08% i muammoli tranzaksiyalarga to‘g‘ri kelgan

Bankomatlar ishlamasa, banklar javobgar bo‘ladi — Markaziy bank

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Markaziy bankning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi. Muhokama davomida bankomatlar orqali naqd pul yechib olishda yuzaga kelayotgan texnik muammolar ham ko‘tarildi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Kutbidin Burxanov ma’lum qilishicha, 2025-yil davomida bankomatlar bilan bog‘liq 290 mingta muammoli holat aniqlangan. Ular orasida bankomat pul bermasligi yoki bank kartasini ushlab qolishi kabi holatlar bo‘lgan.

Uning qayd etishicha, qariyb 10 mingta murojaat 15 kundan ortiq muddatda hal etilgan, 3 mingdan ziyod fuqaro esa muammoni hal qilish uchun ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Timur Ishmetov bankomatlar bilan bog‘liq 291 mingta holat yuqori ko‘rsatkich ekanini tan oldi. Biroq u 2025-yilda bankomatlar orqali 341 mln operatsiya amalga oshirilganini va muammoli tranzaksiyalar ulushi jami operatsiyalarning 0,08% ini tashkil etganini ta’kidladi.

Markaziy bank raisi so‘zlariga ko‘ra, qayd etilgan holatlarning 85%i banklar faoliyati bilan bevosita bog‘liq emas. Muammolarning bir qismi bankomatda zarur nominaldagi kupyuralar mavjud emasligi, kartaning bloklanishi yoki PIN-kodning noto‘g‘ri kiritilishi bilan izohlanadi.

Shuningdek, aloqa uzilishi va elektr ta’minotidagi muammolar ham sezilarli ulushni tashkil etgan. Bevosita banklar va to‘lov tizimlari operatorlari faoliyatiga esa taxminan 46 mingta holat to‘g‘ri kelgan.

Timur Ishmetovning bildirishicha, Markaziy bank endi bankomatlar bilan bog‘liq muammolarga faqat texnik nosozlik sifatida emas, balki iste’molchilar huquqlarining ehtimoliy buzilishi nuqtai nazaridan yondashmoqda.

Shu maqsadda banklarga to‘lov infratuzilmasi sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Shuningdek, regulyator tomonidan tayyorlangan yangi me’yoriy hujjatlardan biri 6-avgustdan kuchga kiradi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

2026-yil yakuniga qadar 5 ta davlat korxonasi IPOga chiqariladi
/
2026-yil yakuniga qadar 5 ta davlat korxonasi IPOga chiqariladi
Raqobat qo‘mitasi monopol korxonalarni narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
/
Raqobat qo‘mitasi monopol korxonalarni narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Soliq qo‘mitasi: olti nafar yirik bloger budjetga 3 mlrd so‘mdan ortiq soliq to‘lamagan
/
Soliq qo‘mitasi: olti nafar yirik bloger budjetga 3 mlrd so‘mdan ortiq soliq to‘lamagan