O‘zbekistonda omonatchilarning yarmidan ko‘pi ikkita bank hissasiga to‘g‘ri keladi
Yosh toifalari kesimida eng katta guruhni 16–30 yoshdagilar tashkil etmoqda
Markaziy bank 2025-yil avgust holatiga ko‘ra depozit bozori tahlilini e’lon qildi. Tadqiqot natijalari tijorat banklarida omonatchilarning yirik institutlar atrofida jamlanganini ko‘rsatdi.
Omonatchilarning yarmidan ko‘pi O‘zmilliybank (1,58 mlndan ortiq) va Xalq banki (1,23 mln atrofida) hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Kapitalbank (593 ming), Ipak Yo‘li bank (487 ming) va InFinBank (438 ming) ham muhim ulushga ega.

Avgust oyida so‘mda saqlanadigan depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka biroz oshib, 19,8% ni tashkil qildi. Bir yilgacha bo‘lgan muddatli omonatlar bo‘yicha stavkalar 17,8%gacha tushgan bo‘lsa, uzoq muddatli hisobvaraqlar bo‘yicha stavkalar 20,5%gacha ko‘tarildi — bu oxirgi olti oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
O‘sishning asosiy sababi yuridik shaxslar uchun stavkalarning 0,8% bandga oshib, 17,7%ga yetgani bo‘ldi. Bu esa uzoq muddatli omonatlar bo‘yicha foizlarning 1,6% bandga ko‘tarilib, 18,5% ni tashkil etishi hisobiga yuz berdi. Shu bilan birga, qisqa muddatli hisobvaraqlar bo‘yicha stavkalar 16,5%gacha pasaydi.
Jismoniy shaxslar uchun omonatlar daromadliligi ketma-ket uchinchi oy davomida 21,4% darajasida saqlanib qoldi. Qisqa muddatli segmentda biroz o‘sish kuzatilib, ko‘rsatkich 20,67%ga yetdi, uzoq muddatli hisobvaraqlar bo‘yicha esa stavkalar o‘zgarishsiz qoldi.
Yosh toifalari kesimida eng katta guruhni 16–30 yoshdagilar tashkil etib, ular tomonidan 13,3 mln hisobvaraq ochilgan. 31–40 yoshdagilar orasida ham faollik yuqori — 12,84 mln hisobvaraq. 41–50 yoshdagilar 7,42 mln, 51–60 yoshdagilar esa 5,32 mln hisobvaraqqa ega. Shu bilan birga, 60 yoshdan oshganlar orasida ham 6,32 mln hisobvaraq saqlanib qolmoqda.
Gender kesimida omonatchilar deyarli teng taqsimlangan: erkaklar ulushiga 22,32 mln, ayollar ulushiga esa 22,2 mln hisobvaraq to‘g‘ri keladi. Biroq mablag‘ hajmi bo‘yicha tafovut mavjud — erkaklar hisobvaraqlarida 79,17 trln so‘m, ayollarda esa 60,26 trln so‘m jamg‘arilgan.

Bank omonatlarini ochish uchun minimal summalar
Markaziy bank tahliliga ko‘ra, so‘mdagi omonatlar segmentida 8 ta bank 0 so‘m minimal talab bilan mahsulot taklif qilmoqda. Yana 9 ta bankda bu ko‘rsatkich 0–100 ming so‘mni tashkil etadi, bu esa omonatlarni aholining keng qatlami uchun ochiq qiladi.
Xorijiy valyutada ham talablar past: 3 ta bank 0 USD/EUR bilan, yana 3 ta bank esa 10 USD/EUR gacha bo‘lgan minimal chegarada omonatlarni taklif etmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ