O‘zbekistonda 2024-yil noyabr-dekabr oylarida ko‘chmas mulk bitimlari 81,8 mingtani tashkil qilgan
Poytaxtda bir sotix yer narxi dekabr oyida o‘rtacha 352 mln so‘m bo‘lgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2024-yilda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bo‘yicha tuzilgan bitimlar soni biroz kamaydi. Bu haqda Markaziy bank O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha 2024 yilgi tahlilini e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, 2024-yilda aksariyat hududlarda faollik yo pasaygan yoki avvalgi yillar darajasida saqlanib qolgan. Natijada ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab barqarorlashdi va uy-joy narxlari ancha mo‘tadil sur’atlarda o‘sdi.
Oktabr-dekabr oylarida bozor faolligi biroz tezlashib, uchinchi chorakdagi o‘rtacha o‘sishda davom etdi. Masalan, to‘rtinchi chorak yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar soni 81,8 mingtani (+5,6%) tashkil etdi. Biroq, o‘tgan yili tuzilgan oldi-sotdi bitimlari soni 2,2% ga — 329 mingtaga kamaydi.
Navoiy, Toshkent, Buxoro, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida bitimlar sonining pasaygan. Sirdaryo, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarida faollik deyarli 2023-yildagi darajada saqlanib qoldi. Boshqa hududlarda esa biroz o‘sish kuzatildi.
Poytaxtda bir sotix yer narxi dekabr oyida o‘rtacha 352 mln so‘mni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga qaraganda 10 mln so‘mga pastlagan. Toshkent shahri respublika bo‘ylab eng qimmat yer narxiga ega bo‘lib qolmoqda.
Markaziy bankda qayd etilishicha, to‘rtinchi chorakda ko‘chmas mulk bilan tuzilgan shartnomalar sonining oylik dinamikasida ijobiy o‘sish sur’atlariga o‘tgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ