Yangi Bank omonatchilariga to‘lovlar boshlandi
31 mingdan ortiq mijozga 208 mlrd so‘mdan ziyod kompensatsiya beriladi
Фото: Kapital.uz
Yangi Bank tugatilishi munosabati bilan omonatchilarga kompensatsiya to‘lash jarayoni boshlandi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Agentlik tomonidan to‘lovlar uchun maxsus reyestr shakllantirilgan bo‘lib, unga 31,5 mingdan ortiq omonatchi kiritilgan. Bu jami mijozlarning 98,7% ini tashkil etadi.
Asosiy mablag‘ — 205 mlrd so‘m — 31,3 ming nafar jismoniy shaxsga yo‘naltiriladi. Shuningdek, 125 ta yuridik shaxsga 2,9 mlrd so‘m, 54 ta yakka tartibdagi tadbirkorga esa 261 mln so‘m kompensatsiya to‘lanadi.
Masofadan turib mablag‘ olish uchun bank-agent — Biznesni rivojlantirish banki (BRB) ilovasida depozit ochish talab etiladi. Shundan so‘ng, mijozlar omonatni muddatidan oldin yopib, pullarni karta hisobiga o‘tkazishi yoki bankda qoldirishi mumkin. Naqd pul olishni istaganlar BRB filiallariga murojaat qilishi kerak.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, omonatchilar mablag‘larini qayta rasmiylashtirishga majbur emas va o‘z pullaridan mustaqil foydalanish huquqiga ega. Bank-agentda omonat ochish ixtiyoriy hisoblanadi.
Kapital.uz nashri BRBga rasmiy so‘rov yuborib, nima sababdan mijozlarga bank mahsulotlari taklif qilinayotgani va boshqa bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish imkoniyati qachon paydo bo‘lishi haqida izoh so‘radi. Hozircha bank bu borada munosabat bildirmagan.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirga qadar omonatchilarga 106 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘langan. Bu rejalashtirilgan 208 mlrd so‘mning yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Barcha zarur mablag‘lar bank-agentga to‘liq o‘tkazilgan va moliyaviy tanqislik mavjud emas.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ