“Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” jamg‘armasi qayta tashkil qilinadi
Har bir viloyatda jamg‘armaning alohida filiallari bo‘ladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Bugun, 9-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda aytilishicha, “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi doirasida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, Hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.
Har bir viloyatda jamg‘armaning alohida filiallari bo‘ladi.
Bu yil jamg‘armaga barcha manbalar hisobidan 400 mlrd so‘m tushishi prognoz qilingan.
Bunga qo‘shimcha, foto-video radardan byudjetga tushadigan jarimaning 25%i ham jamg‘arma va uning filiallariga yo‘naltiriladi.
YHXX tizimidagi yo‘l belgilari va svetofor o‘rnatish, yo‘l chiziqlarini chizishga mas’ul korxonalar ham viloyatga o‘tkaziladi.
Jamg‘armaning faoliyati shaffof bo‘ladi, unga viloyat YHXB va yo‘l boshqarmasi boshliqlari, jamoatchilik vakillari kiradi.
Bundan buyon ushbu jamg‘arma mablag‘lari birinchi galda avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli uchastkalarni tartibga solishga yo‘naltiriladi (yo‘lni ajratuvchi to‘siqlar, yo‘l belgilari, yoritgichlar o‘rnatish, piyoda yo‘laklari tashkil qilish, chorrahalarni raqamlashtirish).
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ