Raqobat qo‘mitasi 2024-yilda 4 ta viloyatda jami 10 mingdan ziyod tashqi reklama vositalarini o‘rgandi
Xususan, noto‘g‘ri joylashtirilgan reklamalar soni 3 mingdan ortgan
![Raqobat qo‘mitasi 2024-yilda 4 ta viloyatda jami 10 mingdan ziyod tashqi reklama vositalarini o‘rgandi](https://kapital.uz/wp-content/uploads/2024/11/photo_2024-11-12_17-05-27.jpg)
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Raqobat qo‘mitasi 2024-yilda tashqi qurilma vositalarining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiqligini tekshirib, 11 mingdan ziyod tashqi reklamalarni o‘rganib chiqdi.
Xorazm viloyatida jami 3 587 ta tashqi reklama vositalari o‘rganib chiqilganda, ulardan 1 899 tasi noto‘g‘ri joylashtirilgan, davlat tilida berilmagan hamda imloviy xatolar bilan yozilgani aniqlangan va reklamalardagi kamchiliklar joyida bartaraf etildi.
Jumladan, 5 ta tashkilotga nisbatan reklama qonunchiligi talablarini buzganlik holatlari bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atilib, tadbirkorlik subyektlariga ularni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Qashqadaryo viloyatida jami 4 028 ta tashqi reklama va tashqi targ‘ibot vositalari o‘rganib chiqildi.O‘rganishlarda 13 ta korxona tomonidan reklama qonunchiligi talablari buzilgani ma’lum bo‘ldi.
Boshqarma maxsus komissiyasi mazkur tashkilotlarga ish qo‘zg‘atib, 9 ta holatda qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar bergan.
Toshkent shahrida hududiy boshqarma tomonidan jami 3 450 ta tashqi reklama va tashqi targ‘ibot vositalari o‘rganildi. Natijada 1489 ta kamchiliklar aniqlanib, 295 ta rasmiy ogohlantirish xatlari berilgan va qolgan 520 ta qonunbuzilish holatlar profilaktik huquqiy tushuntirish hamda tavsiyalar orqali bartaraf etilgan.
Jumladan, qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan 15 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Andijon viloyatida hududiy boshqarma tomonidan “Umra” tadbiriga oid turizm xizmatlarini reklama qilinishi qonuniyligi yuzasidan o‘rganish va tahlillar o‘tkazildi. Natijada 11 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar qonun talablariga zid bo‘lgan holatda reklama berganligi aniqlangan. Boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, 3 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizalari kiritilgan, bugungi kunda sud ishlari davom etmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ