Mehmonxonalar va turoperatorlarga QQSning 50%i qaytariladi
“Ochiq turizm mavsumi” dasturi doirasida yangi aviaqatnovlar uchun subsidiyalar ajratiladi
2026-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekistonda turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Ochiq turizm mavsumi” dasturi ishga tushirildi. Bu haqda Adliya vazirligining huquqiy axborot kanali ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, maxsus turizm rejimi har yili iyun–avgust oylarida amal qiladi.
Dastur doirasida O‘zbekistonga yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadigan mahalliy va xorijiy aviakompaniyalarga davlat budjetidan xarajatlarning bir qismi qoplab beriladi. Shuningdek, ular mamlakatga olib kelgan har bir xorijiy sayyoh uchun $100 miqdorida qo‘shimcha rag‘bat oladi.
Mahalliy turoperatorlarga esa jalb qilingan har ming nafar xorijiy sayyoh uchun $5 ming subsidiya ajratiladi.
Bundan tashqari, mehmonxona va turoperatorlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalarga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) 50%i keshbek shaklida qaytariladi.
Hujjatga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda 5 mlndan ortiq kuzatuvchiga ega bo‘lgan 50 nafar xorijiy bloger uchun O‘zbekistonga bepul yetti kunlik sayohatlar tashkil etiladi.
Davlat yirik xalqaro onlayn platformalarda milliy turizm mahsulotlarini targ‘ib qilish bilan bog‘liq xarajatlarni ham o‘z zimmasiga oladi.
Avvalroq Samarqand viloyati turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun 1,2 trln so‘m ajratilishi ma’lum qilingandi. Mablag‘lar yo‘llar va muhandislik kommunikatsiyalarini qurish, turizm-rekreatsiya hududlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi. Natijada mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini 20 mln nafarga, xizmatlar eksportini esa $10 mlrdga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, aprel oyida turizm infratuzilmasini jadallashtirishga qaratilgan qaror qabul qilinib, turizm klasterlarini muvofiqlashtiruvchi maxsus Loyiha ofisi tashkil etilgandi. Unga ko‘ra, mahalliy turoperatorlarga xorijdagi marketing kampaniyalari xarajatlarini qoplash uchun 500 mln so‘mgacha mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ