Samarqandda $500 mlnlik agrar va sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Loyihalarga 10 ta yirik Yaponiya kompaniyasini jalb etish rejalashtirilgan, ayrim tumanlarda ishsizlikni 3% gacha kamaytirish maqsad qilingan
Фото: пресс-служба президента
Samarqand viloyatida hududlarning iqtisodiy ixtisoslashuvidan kelib chiqib yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev viloyatning olis hududlarini kompleks rivojlantirish va aholi turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha rejalar bilan tanishdi. Avvalroq ushbu maqsadlar uchun $100 mln mablag‘ ajratilgan edi.
Qayd etilishicha, chekka hududlarda aholi zich yashashiga qaramay, yuqori daromadli ish o‘rinlari yetishmaydi. Ayrim tumanlar hissasiga viloyat sanoatining atigi o‘ndan bir qismi to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, ishsizlik va kambag‘allik darajasi ham yuqoriligicha qolmoqda.
Shu munosabat bilan hududlarni ularning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib rivojlantirish taklif etildi. Qo‘shrabot, Paxtachi, Bulung‘ur va Kattaqo‘rg‘on tumanlari bog‘dorchilik, chorvachilik hamda qishloq xo‘jaligi markazlariga aylantiriladi.
Xususan, Bulung‘ur tumanida 100 ming bosh quvvatga ega bo‘lgan $50 mlnlik naslli chorvachilik xo‘jaligi tashkil etiladi. Oqdaryo va Qo‘shrabot tumanlarida esa yiliga 800 ming bosh parranda yetishtirish quvvatiga ega $20 mlnlik parrandachilik majmualari barpo etiladi.
Kattaqo‘rg‘on shahri va Narpay tumani sanoat hamda xizmatlar sohasiga ixtisoslashtiriladi. Narpay tumanida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 100 gektarlik sanoat zonasi tashkil etiladi.
Mazkur loyihalarning umumiy qiymati $500 mlnni tashkil etadi. Ularni amalga oshirishga 10 ta yirik Yaponiya kompaniyasini jalb qilish rejalashtirilgan.
Oqdaryo tumanida esa to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishlari rivojlantiriladi.
Taqdim etilgan loyihalar ayrim hududlarda ishsizlikni 3% gacha, kambag‘allikni esa 2% gacha kamaytirishga qaratilgan. Shuningdek, eksport hajmini 20% ga oshirish va sanoat ishlab chiqarishini ikki barobarga ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ