Toshkent iqtisodiyoti 2030-yilgacha $60,4 mlrdga yetkaziladi
Strategiya doirasida metro bekatlari sonini 79 taga, yashil hududlar ulushini 30%ga yetkazish rejalashtirilmoqda
Toshkent shahrining 2030-yilgacha mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi loyihasi taqdim etildi. Hujjatda poytaxt iqtisodiyotini 2,1 barobarga oshirib, $60,4 mlrdga yetkazish, aholi daromadlari va turmush sifatini yaxshilash, transport, uy-joy, sog‘liqni saqlash hamda ta’lim sohalarini rivojlantirish bo‘yicha maqsadlar belgilangan.
Strategiya loyihasi Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi sessiyasida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov tomonidan taqdim etildi. Muhokamada deputatlar, soha rahbarlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Hujjat prezidentning 16-fevraldagi farmoni asosida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida ishlab chiqilgan. Unda 68 ta maqsad va 236 ta samaradorlik ko‘rsatkichi belgilangan. Har bir ko‘rsatkich bo‘yicha mas’ullar, ijro muddatlari va moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilgan.
Aholi daromadlari va bandlik
Strategiyaning asosiy maqsadlaridan biri iqtisodiy o‘sishning Toshkent aholisi daromadlari va hayot sifatida aks etishini ta’minlashdan iborat.
2030-yilgacha aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulotni $9,3 mingdan $17,7 minggacha oshirish rejalashtirilmoqda. Mutlaq kambag‘allik darajasini esa 0%gacha tushirish maqsad qilingan.
Manzilli yordam orqali ehtiyojmand ayollar sonini 98 399 nafardan 27 922 nafargacha, ya’ni 3,5 barobarga qisqartirish ko‘zda tutilgan.
IT sohasida 23 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash, “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 461 ming nafar yoshga xorijiy tillarni o‘rgatish rejalashtirilgan.
Yillik inflyatsiyani 5%, ishsizlik darajasini esa 3,5% atrofida ushlab turish maqsad qilingan.
Uy-joy va transport
Strategiyada har yili 54 574 ta xonadon foydalanishga topshirilishi belgilangan. Bir kishiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydonini 16,6 kvadrat metrdan 24,4 kvadrat metrgacha oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, “Yangi Toshkent” turar joy massivini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Metro bekatlari soni 50 tadan 79 tagacha, metro tarmog‘i uzunligi esa 71 kilometrdan 103 kilometrgacha oshiriladi. Poyezdlar harakati oralig‘ini 2–3 daqiqagacha qisqartirish maqsad qilingan.
Jamoat transportida amalga oshiriladigan safarlar ulushini 40%dan 60%gacha oshirish, 1 ming kilometr yo‘lni ta’mirlash va 700 ta “aqlli” chorrahani tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Sog‘liqni saqlash va ta’lim
2030-yilgacha Toshkentda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 75,2 yoshdan 78 yoshgacha oshirish maqsad qilingan.
Barcha tibbiyot muassasalarini to‘liq raqamlashtirish, maktabgacha ta’lim bilan qamrovni 81,2%ga, oliy ta’lim bilan qamrovni 50%ga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Yashil hududlar
Strategiyada poytaxtni ko‘kalamzorlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Yashil hududlar ulushini 14,1%dan 30%gacha oshirish va 4 450 gektar yangi yashil maydon tashkil etish rejalashtirilmoqda. Maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlari bilan qamrovni 100%ga yetkazish maqsad qilingan.
Eksport va turizm
Toshkentning yillik eksportini $7,5 mlrdga yetkazish, poytaxtdan tovar va xizmatlar eksport qilinadigan mamlakatlar sonini 120 taga oshirish rejalashtirilmoqda.
IT xizmatlari eksporti $775 mln.dan $4 mlrdgacha, ya’ni 5,2 barobarga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Xorijiy sayyohlar sonini yiliga 7,5 mln nafarga, mahalliy sayyohlar sonini esa 20 mln nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Yalpi hududiy mahsulotda xususiy sektor ulushini 51,7%dan 66,6%gacha oshirish va 103 mingta kichik biznes subyektini izchil qo‘llab-quvvatlash belgilangan.
Strategiya ijrosi qanday nazorat qilinadi?
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi strategiya avvalgi dasturlardan farqli ravishda “maqsad — harakat — natija” tamoyili asosida ishlab chiqilgan.
Toshkentning har bir tumani uchun alohida “hududiy pasport” ishlab chiqiladi. Strategiya ijrosi fuqarolar uchun raqamli platforma hamda Ijro.gov.uz tizimi orqali ochiq kuzatib boriladi. Natijalar “yashil — sariq — qizil” toifalari asosida baholanadi.
Strategiyaning oraliq baholashi 2028-yilda, yakuniy baholash esa 2031-yilning I choragida o‘tkaziladi.
Muhokama yakunida strategiya loyihasi ma’qullanib, uni amalga oshirish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ